Oʻzbekistonda ishlab chiqarilmagan tovarlar (xizmatlar) uchun ham isteʼmol krediti ajratishga ruxsat berilyapti — Qonun loyihasi
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining majlisida dastlab “Moliyaviy isteʼmol krediti berish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan «Isteʼmol krediti toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 15-moddasiga oʻzgartish kiritish haqida»gi qonun loyihasi ikkinchi oʻqishda koʻrib chiqilyapti.
Taʼkidlanganidek, keyingi paytlarda isteʼmol kreditlari uchun talab ortib bormoqda. Lekin amaldagi qonunda Oʻzbekistonda ishlab chiqarilmaydigan tovarlar (xizmatlar)ga isteʼmol krediti berish cheklangan.
Bu esa aholining oʻz hisobidan kredit evaziga xarid qiladigan mahsulotini tanlash imkoniyatini kamaytirishi bilan birga, isteʼmolchilar huquq va manfaatlari buzilishiga olib kelayotgandi.
Mazkur qonun loyihasi bilan “Isteʼmol krediti toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan sotiladigan tovarlar (xizmatlar), shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasidan tashqarida ishlab chiqarilgan tovarlar (xizmatlar) uchun moliyaviy isteʼmol kreditlari berish imkoniyatini nazarda tutuvchi oʻzgartishlar kiritilmoqda.
Qonun loyihasi bilan tadbirkorlikni yanada rivojlantirish, fuqarolarga qoʻshimcha qulayliklar yaratish maqsadida isteʼmol kreditidan foydalanish mexanizmi kengaytirilmoqda. Yaʼni, hujjat bilan Oʻzbekistonda ishlab chiqarilmagan tovarlar (xizmatlar) uchun ham isteʼmol krediti ajratishga ruxsat berilyapti.
Majlisda deputatlar qonun loyihasi yuzasidan bir qator takliflar berishdi. Loyihaga kiritilayotgan oʻzgartish va qoʻshimchalar eʼtirof etilib, qonun loyihasi qabul qilindi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring