Oʻzbekistonda ilk bor AI–98 markali benzinni sanoat usulida ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi
Buxoro neftni qayta ishlash zavodida yuqori oktanli avtomobil benzini ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish boʻyicha tadqiqotlar oʻtkazildi hamda texnologik qurilmalarda rejim tanlandi, natijada AI–98 yuqori sifatli etellanmagan benzin ishlab chiqarish oʻzlashtirildi.
Bu haqda «Oʻzbekneftgaz» AJ Matbuot xizmati xabar bermoqda.
Manbaga koʻra, Buxoro neftni qayta ishlash zavodi yuqori oktanli AI–98 avtomobil benzinini sanoat darajasida ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilgan va oʻz mahsulotlari qatorini yana bir marka bilan boyitib, yuqori oktanli AI–98 avtomobil benzini bilan toʻldirgan.
AI–98 markali avtomobil benzini, asosan, siqish darajasi 12 dan 14 gacha boʻlgan dvigatelli avtomobillarda ishlatiladi. AI–98 benzini yuqori detonatsiyaga qarshi xususiyat (oktan xarakteristika)lari tufayli dvigatel quvvatini oshiradi hamda tezlanish dinamikasini yaxshilaydi, tebranish, shovqin darajasini pasaytiradi, shuningdek, yonilgʻi sarfini sezilarli darajada kamaytiradi.
Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi («Oʻzstandart») tomonidan AI–98 avtomobil benzinini seriyali ishlab chiqarish uchun OʼzDSt 3031:2015 “Avtomobil benzinlari. Texnik shartlar” muvofiqlik sertifikati olindi.
Quvonarlisi, AI–98 avtomobil benzinining dastlabki partiyasi ishlab chiqarildi va 380 tonna hajmdagi benzinning fizik-kimyoviy xususiyatlari standartga binoan muvaffaqiyatli sinovdan oʻtkazildi.
AI–98 markadagi avtomobil benzini ishlab chiqarilishi oʻzining tarixiga ega boʻlib, bundan natijaga erishish oson boʻlgani yoʻq. Bu jarayonda Akbar Fazilov boshchiligidagi Buxoro neftni qayta ishlash zavodining texnologlari, texnik boʻlimi, ishlab chiqarish va dispetcherlik xizmati, Markaziy tahlilxonaning yuzlab ishchi-xodimlari xorijiy mutaxassislarning koʻmagisiz izlanishlar olib borishgan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring