Oʻzbekistonda diniy bagʻrikenglik tamoyillaridan ogʻishmasdan barcha dinlar bir-birini inkor qilmagan holda rivojlanmoqda — Al-Hoj Muhsin Donesh

12:56 16 May 2021 Siyosat
1377 0

Afgʻoniston Oliy milliy yarashuv kengashi raisi maslahatchisi va Milliy birdamlik partiyasining shimoliy hududlar boʻyicha rahbari Al-Hoj Muhsin Donesh “Dunyo” AA uchun bergan intervyusida Oʻzbekiston ijtimoiy hayotida roʻy berayotgan oʻzgarishlar, diniy-maʼrifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, milliy qadriyatlar va ulugʻ ajdodlar merosini targʻib etish va saqlash yoʻnalishida qilinayotgan chora-tadbirlarni eʼtirof etdi.

— Oʻzbekistonda diniy-maʼrifiy qadriyatlarni avaylab asrash va tarixiy obidalarni tiklash masalasida amalga oshirilayotgan islohotlar diqqatga sazovordir, — dedi u. — Buni biz Oʻzbekistonga qilgan tashriflarimiz davomida, xususan Toshkent, Buxoro, Samarqand, Xiva va Termiz shaharlarida boʻlganimizda his qilganmiz.

Mamlakat rahbariyati dunyoda kechayotgan turli murakkab jarayonlarga qaramasdan, oʻz taraqqiyot yoʻnalishini toʻgʻri tanlab olgan va bu yoʻldan ogʻishmay rivojlanishda davom etmoqda. Bu rivojlanish, jumladan, diniy va madaniy sohalarda yaqqol koʻzga tashlanyapti. Biz Oʻzbekistonda diniy-maʼrifiy sohada jiddiy ijobiy islohotlar amalga oshayotganiga guvoh boʻlyapmiz.

Kuzatuvlarim davomida Oʻzbekistonda diniy islohotlar ikki yoʻnalishda olib borilayotganiga shohid boʻldim. Birinchisi, diniy ekstremizm va ayirmachilikning tarqalishiga yoʻl qoʻymaslik uchun oʻz tajribasiga tayangan islohotlarning amalga oshirilayotganidir. Bu jarayonni shaxsan men ijobiy baholayman. Chunki dunyo davlatlarida kechayotgan jarayonlarni tahlil qiladigan boʻlsak, diniy ekstremizm va ayirmachilik davlat asoslariga jiddiy zarba yetkazadigan omillardan biri hisoblanadi. Ikkinchi yoʻnalish — bu diniy islohotlar natijasi — yangi madrasalar, ilmiy-tadqiqot markazlari, ulamolar kengashi va koʻplab diniy tashkilotlar ochilayotganidir. Jumladan, islom olamida yuksak obroʻga ega boʻlgan Imom Termiziy tadqiqot markazi bunga yaqqol misol boʻla oladi.

Oʻzbekiston ushbu ijobiy islohotlari bilan har qanday ekstremizm va ayirmachilikdan xoli boʻlgan moʻtadil sof islom namunasini (Qurʼoni Karimdagi oyatga muvofiq «Va kazolika jaʼalnaakum ummatan vasatan», yaʼni “Biz Sizlarni bir moʻtadil ummat qildik”) dunyo hamjamiyatiga namoyish qilmoqda.

Oʻzbekistonda diniy bagʻrikenglik tamoyillaridan ogʻishmasdan barcha dinlar bir-birlarini inkor qilmagan holda mavjud qonunlar asosida rivojlanmoqda.

Yaqin Sharq mamlakatlari — Suriya va Iroqdagi urush oʻchoqlariga borib qolgan, ogʻir sharoitga tushib qolgan fuqarolarni Prezident Shavkat Mirziyoyevning shaxsiy tashabbusi va qatʼiyati bilan Vatanga qaytarish ishlari amalga oshirilmoqda. Bunday insonparvarlik tadbirlari har qancha tahsinga sazovor.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер