Oʻzbekistonda baʼzi mansabdorlar qoʻl ostidagi xodimlarni paxta terimiga majburladi
Oʻzbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi 2021-yilgi paxta terimi mavsumida majburiy mehnatga qarshi kurashish yuzasidan monitoring olib bordi, deb xabar qildi vazirlik matbuot xizmati.
Maʼlumotlarga koʻra, ishchi guruhlar tomonidan respublika boʻyicha 13 mingga yaqin tashkilot, fermer xoʻjaliklari va paxta dalalari oʻrganilgan.
Maʼlum boʻlishicha, paxta mavsumida Davlat mehnat xizmati organlariga majburiy mehnat va mehnat huquqlari buzilishi yuzasidan jami 128 ta murojaat kelib tushgan.
Shu tariqa, 65 nafar mansabdor shaxs jami 198 million 450 ming soʻm jarimaga tortildi. Shuningdek, besh nafar mansabdor shaxsga nisbatan 51-modda (Maʼmuriy mehnatga majburlash) boʻyicha maʼmuriy bayonnomalar tuzilib, sudga taqdim etildi.
Shu bilan birga, 21 holatda mehnat shartnomasi tuzmagan, 25 holatda mehnat sharoitini tashkil etmagan, 14 holatda ish haqi toʻlanmay qolganligi aniqlangan. Shuningdek, aniqlangan qonunbuzarliklarni bartaraf etish yuzasidan 48 ta holat yuzasidan yozma koʻrsatmalar berildi.
Taʼkidlanishicha, paxta mavsumida majburiy mehnatga qarshi kurashish va munosib mehnat sharoitlarini yaratish maqsadida senatorlar, deputatlar, jurnalistlar va blogerlardan iborat ishchi guruhlari, shuningdek, Xalqaro mehnat tashkiloti tomonidan uchinchi tomon monitoringi olib borilmoqda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring