Oʻzbekistonda “Bagʻrikenglik haftaligi” boshlandi

19:29 14 Noyabr 2023 Jamiyat
516 0

Foto: Arxiv surat

Kecha yurtimiz boʻylab 16-noyabr – Xalqaro bagʻrikenglik kuniga bagʻishlab “Bagʻrikenglik haftaligi” boshlandi.

Oʻzbekiston Din ishlari boʻyicha qoʻmitasi maʼlumotiga koʻra, “Maʼrifat va millatlararo bagʻrikenglik” shiori ostidagi joriy yilgi haftalik Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasi hamda qator vazirlik va tashkilotlar bilan hamkorlikda 13–19-noyabr kunlari butun respublikamiz boʻylab oʻtkazilmoqda.

Haftalik doirasida umumtaʼlim maktablarida “Milliy anʼana va udumlar” koʻrgazmalari, “Bagʻrikenglik mening nazdimda” mavzusida eng yaxshi insholar tanlovlari, “Mening bagʻrikeng dunyom” mavzusida eng yaxshi rasmlar tanlovlari, bagʻrikenglikni targʻib qiluvchi sheʼrxonlik kechalari tashkil etiladi.

Shuningdek, haftalik doirasida Respublika oliy taʼlim muassasalarida “Biz bir mamlakatda yashayotgan yagona xalqmiz”, “Diniy maʼrifat va millatlararo bagʻrikenglik jamiyat barqarorligi sharti” mavzularida ilmiy-amaliy va maʼrifiy tadbirlar, “Millatlararo totuvlik va bagʻrikenglik umrboqiy qadriyatlar” mavzusida davra suhbatlari boʻlib oʻtadi.

Tadbirning asosiy maqsadi – oʻsib kelayotgan yosh avlod ongiga Vatanga muhabbat, yurt taqdiri uchun daxldorlik hissini singdirish, ularni milliy va umuminsoniy qadriyatlarga sodiqlik ruhida tarbiyalash, kitobxonlikka faol jalb qilishdan iborat.

BMT Bosh assambleyasi qaroriga koʻra, 1997-yildan buyon 16-noyabr har yili butun dunyoda, jumladan Oʻzbekistonda ham “Xalqaro bagʻrikenglik kuni” sifatida keng nishonlanishi yaxshi anʼanaga aylangan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер