Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan FAO loyihalari monitoring qilindi

21:27 08 Iyun 2022 Iqtisodiyot
987 0

Foto: “Xalq soʻzi”

FAOning Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqaviy idorasi mintaqaviy monitoring mutaxassisi Luka Molinas BMT Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO)ning Oʻzbekistondagi faoliyatini kompleks baholash va monitoring qilish maqsadida Oʻzbekistonga tashrif buyurdi.

FAOning Oʻzbekistondagi eng yirik loyihalari “Oʻzbekiston togʻ va vodiy hududlarida oʻrmonlarni barqaror boshqarish” milliy loyihasi va “Markaziy Osiyo va Turkiyaning qurgʻoqchil va shoʻrlangan qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarish landshaftlarida tabiiy resurslarni kompleks boshqarish” (CACILM-2) mintaqaviy loyihasi Global Ekologik Jamgʻarmaning moliyaviy koʻmagida amalga oshirilmoqda. Missiya davomida ushbu loyihalar Global Ekologik Jamgʻarmaning korporativ yoʻriqnomalari, siyosati va talablariga muvofiq qanchalik samarali amalga oshirilayotgani oʻrganildi.

Toshkentda Luka Molinas Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi va Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi huzuridagi Global Ekologik Jamgʻarmaning Milliy muvofiqlashtirish markazida uchrashuvlar oʻtkazdi, shuningdek, FAOning Oʻzbekistondagi vakolatxonasiga tashrif buyurib, uning faoliyati bilan batafsil tanishdi. Shundan soʻng, Mintaqaviy monitoring mutaxassisi ikki loyihaning bir nechta maqsadli hududlari joylashgan Qashqadaryo viloyatining Dehqonobod, Kitob, Qamashi va Gʻuzor tumanlariga yoʻl oldi.

Qurgʻoqchil va shoʻrlangan qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarish landshaftlarida yerdan foydalanishni yaxshilash, iqlim oʻzgarishi oqibatlarini yumshatish hamda tabiiy resurslarni kompleks boshqarish boʻyicha amaliyotlar koʻlamini kengaytirish CACILM-2 mintaqaviy loyihasining asosiy maqsadi hisoblanadi. Ushbu loyiha doirasida mutaxassislar qurgʻoqchilik va shoʻrlanish jarayonlarini boshqarish boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqmoqdalar, shu jumladan, joylarda qurgʻoqchilikka qarshi kurashish va shoʻrlanishni kamaytirish boʻyicha innovatsion yondashuvlar va texnologiyalarni namoyish etilmoqda. Gʻuzor tumanidagi “Gʻuzor” qorakoʻlchilik xoʻjaligi MCHJ hududida atrofi oʻralgan yaylov oʻsimliklari urugʻlik maydoni bunga misoldir. Bu yerda 30 gektar maydonga yaylov oʻsimliklari urugʻlari belbogʻ usulida ekilib, keyinchalik xoʻjalik ehtiyojlari va sotish uchun urugʻlik yetishtirish rejalashtirilgan. Mazkur loyiha hududlariga tashrif buyurgan hududiy monitoring mutaxassisi ishlarning borishi bilan atroflicha tanishdi, mahalliy hokimiyat vakillari, iqtisodiyot sohasi mutaxassislari va mahalliy aholi bilan suhbatlashdi. Aytish joizki, CACILM-2 loyihasi doirasida Buxoro viloyatining Buxoro tumani va Qashqadaryo viloyatining Qamashi tumani qishloq aholisini qoʻllab-quvvatlash borasida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, loyiha tomonidan qishloq xoʻjaligi texnikalari, issiqxonalar, qurgʻoqchilik va shoʻrga chidamli ekinlar urugʻlari fermerlar hamda mahalliy aholi daromadlarini oshirish maqsadida begʻaraz yetkazib berildi.

Soʻngra “Oʻzbekiston togʻ va vodiy hududlarida oʻrmonlarni barqaror boshqarish” loyihasining maqsadli hududlaridan biri boʻlgan Dehqonobod va Kitob davlat oʻrmon xoʻjaligi korxonalariga tashrif buyurildi. Loyihaning asosiy maqsadi barqaror oʻrmon boshqaruvini rivojlantirishdan iborat boʻlib, bu mahalliy aholiga oʻrmon resurslaridan oqilona foydalanish, oʻrmonlarning nafaqat mahsuldorligi, balki ularning ekologik funksiyalarini, estetik va rekreatsion qiymatini, biologik xususiyatlari va landshaft xilma-xilligini saqlab qolish imkonini beradigan yondashuvni nazarda tutadi. Bu yoʻnalishda innovatsiyalar, resurs tejovchi texnologiyalarni joriy etish, gender tengligiga alohida eʼtibor qaratgan holda mahalliy aholini barqaror oʻrmon xoʻjaligini yuritish jarayoniga keng jalb etish boʻyicha ishlar olib borilmoqda. Monitoring boʻyicha mutaxassis viloyatdagi oʻrmon xoʻjaliklaridagi ishlarning borishi bilan tanishdi, shuningdek, Kitob oʻrmon xoʻjaligidagi yaqin kunlarda foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan Mintaqaviy oʻquv va axborot-targʻibot markazining yangi binosini ham borib koʻrdi. Ushbu markazda xorijiy oʻrmon xoʻjaligi mutaxassislari tomonidan Oʻzbekistonning janubiy viloyatlaridagi fermerlar, tadbirkorlar va boshqa manfaatdor shaxslar uchun darslar oʻtkaziladi.

“Global Ekologik Jamgʻarmaning ikkala loyihasini amalga oshirishda erishilgan yutuqlari menda katta taassurot qoldirdi. Tumanlar maʼmuriyatlari, davlat qoʻmitalari va mahalliy hamjamiyatlar natijalardan qoniqish hosil qilganini koʻrdim”, deydi Mintaqaviy monitoring mutaxassisi Luka Molinas.

Missiya yakunida Mintaqaviy monitoring mutaxassisi loyihalar samaradorligini yanada oshirish va mahalliy hamjamiyatlarga ijobiy taʼsirini kengaytirish boʻyicha oʻz tavsiyalarini berdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер