Oʻzbekiston va Janubiy Koreya parlament tadqiqot institutlari oʻrtasidagi hamkorlik aloqalari mustahkamlanmoqda
Foto: Arxiv surat
Mamlakatimizning Seuldagi elchixonasi tashabbusi bilan Oʻzbekiston Oliy Majlisi huzuridagi Parlament tadqiqotlari instituti direktori Akrom Toshpoʻlatov va Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasi tadqiqot xizmatining (NARS) Rejalashtirish va hamkorlik boʻlimi boshligʻi Yung-Chul Go oʻrtasida onlayn uchrashuv tashkil etildi.
Muzokaralar chogʻida ikki tadqiqot institutlari oʻrtasidagi aloqalarini mustahkamlash istiqbollari va oʻzbek tomonidan ishlab chiqilgan hamkorlik boʻyicha “Yoʻl xaritasi” loyihasining bandlari batafsil muhokama qilindi.
Dasturda institut delegatsiyasining KOICA bilan hamkorlikda NARSga tajriba almashish uchun tashrifini tashkil etish va ichki hujjatlarning elektron aylanish tizimida NARS tajribasini oʻrganish, qonun loyihalari boʻyicha ilmiy xulosalar berish va parlamentarizmni rivojlantirish boʻyicha ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish nuqtayi nazaridan institut xodimlarining nazariy va amaliy bilimlarini, kasb mahoratini, ilmiy salohiyatini oshirish maqsadida qisqa muddatli amaliyotlarini tashkil etish, NARS tomonidan foydalaniladigan tadqiqot qoʻllanmalarini oʻrganish va institut xodimlari foydalanishi uchun yangi qoʻllanma ishlab chiqish vazifalari nazarda tutilgan. Tomonlar ushbu maqsadlarni hayotga tatbiq etish yoʻllari xususida fikr almashdilar va aniq kelishuvga erishdilar.
Oʻz navbatida, NARS vakili 2024-yilda oʻtkazilishi rejalashtirilgan barcha qisqa muddatli amaliyot dasturlari va xalqaro tadbirlar toʻgʻrisidagi batafsil maʼlumotlarni oʻzbek tomoniga yuborishini maʼlum qildi. Jumladan, 2024-yilda Xalqaro parlament tadqiqotlari institutlari Forumi oʻtkazilishi va unga Oʻzbekiston Parlament tadqiqotlari instituti rahbariyati ham taklif qilishini maʼlum qilindi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring