Oʻzbekiston va Tojikiston taʼlim vazirlari uchrashuv oʻtkazdi
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Qoʻngʻirotboy Sharipov Tojikiston Respublikasi Taʼlim va fan vaziri Rahim Saidzoda bilan uchrashuv oʻtkazdi.
Uchrashuvda ikki mamlakat oʻrtasida oliy taʼlim, ilm-fan va innovatsiyalar sohasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Muloqot davomida Tojikistonda oʻzbek tilini oʻqitishni rivojlantirish, ikki davlatning yetakchi oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlikda qoʻshma taʼlim dasturlarini tashkil etish hamda akademik almashinuvni kengaytirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Shuningdek, muhandislik, axborot texnologiyalari va sunʼiy intellekt, transport, mashinasozlik, arxitektura va qurilish, qishloq xoʻjaligi, geologiya, togʻ-kon sanoati, biotexnologiyalar, nanotexnologiyalar, metallurgiya, energetika hamda qayta tiklanadigan energiya manbalari kabi ustuvor yoʻnalishlarda hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollari koʻrib chiqildi.
Uchrashuvda ikki davlat oliy taʼlim muassasalari oʻrtasidagi hamkorlik holati yuzasidan fikr almashilib, istiqbolli ilmiy-taʼlimiy loyihalarni qoʻllab-quvvatlash, qoʻshma dasturlar va tadqiqotlarni amalga oshirish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Tomonlar, shuningdek, professor-oʻqituvchilar uchun seminarlar, treninglar, mahorat darslari va malaka oshirish kurslarini tashkil etish orqali taʼlim sohasida tajriba almashishni kengaytirish, universitetlar oʻrtasidagi aloqalarni yanada mustahkamlash muhim ahamiyatga ega ekanini taʼkidladilar.
Uchrashuv ikki mamlakat oʻrtasidagi taʼlim va ilm-fan sohasidagi strategik hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilishi qayd etildi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring