Oʻzbekiston va Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari boʻyicha Kengash oʻrtasidagi hamkorlik holati va istiqbollari muhokama qilindi
2022-yil 4-iyun kuni Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri v.b. Vladimir Norov mamlakatimizga amaliy tashrif bilan kelgan Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari boʻyicha Kengash ijrochi direktori Qayrat Saribay boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Uchrashuvda Oʻzbekiston va Kengash oʻrtasidagi hamkorlik holati va istiqbollari muhokama qilindi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2019-yil 15-iyun kuni Dushanbe shahrida boʻlib oʻtgan mazkur forum sammitida Kengash doirasida hamkorlikni yanada kengaytirish boʻyicha ilgari surilgan tashabbuslarning amalga oshirilishi yuzasidan fikr almashildi.
Soʻnggi yillarda Oʻzbekistonning Kengash faoliyatidagi ishtiroki faollashgani qayd etildi.
Xususan, 2020-yildan boshlab Oʻzbekistonga Kengashning insoniy oʻlchov boʻyicha ishonch chora-tadbirlari muvofiqlashtiruvchisi vazifasi yuklatildi.
Mazkur mandatni bajarish doirasida Oʻzbekiston tomoni 2021-yilda “Terrorizm, ekstremizm va radikalizmga qarshi kurashishda yoshlarning oʻrni” mavzusida xalqaro onlayn-konferensiya oʻtkazdi.
Joriy yilning 12-13-oktyabr kunlari Nur-Sulton shahrida boʻlib oʻtishi rejalashtirilgan Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari boʻyicha Kengashning oltinchi sammitiga tayyorgarlik koʻrish bilan bogʻliq masalalarga alohida eʼtibor qaratildi.
Muloqotda mintaqaviy va xalqaro kun tartibining ayrim masalalari ham muhokama qilindi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring