Oʻzbekiston va Hindiston tadqiqotchi olimlarining ilmiy maqolalar toʻplami chop etiladi
Oʻzbekistonning Dehlidagi elchixonasi tomonidan “Hindiston – Markaziy Osiyo” jamgʻarmasi bilan hamkorlikda davra suhbati tashkil etildi.
Tadbirda Oʻzbekistonda soʻnggi yillarda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarning natijalari, jamiyat hayotining barcha jabhalaridagi yangilanish jarayoni, mamlakatimizning xalqaro maydonda yuksalib borayotgan mavqeyi, Markaziy Osiyo mintaqasida birdamlik va hamkorlik ruhini kuchaytirishdagi alohida roli, Janubiy Osiyo davlatlari, jumladan, Hindiston bilan mustahkamlanayotgan serqirra aloqalari haqida soʻz yuritildi.
Oʻzbekiston elchisi Sardor Rustamboyev mamlakatlarimiz oʻrtasidagi aloqalar barcha jabhalarda izchil rivoj topib borayotgani, hamkorlik salohiyatining yangi qirralari ochilayotgani, davlat yetakchilarining doʻstona va oʻzaro ishonchli munosabatlari ikki tomonlama rishtalarni yanada mustahkamlash uchun asos boʻlayotganini qayd etdi.
Oʻzaro savdo-sotiq hajmi muntazam oʻsayotgani, axborot texnologiyalari, taʼlim, tibbiyot, farmatsevtika va boshqa yoʻnalishlardagi qoʻshma loyihalar koʻlami kengayayotgani, turistlar oqimi faollashayotgani ikki mamlakat oʻrtasidagi hamkorlikning hali oʻzlashtirilmagan imkoniyatlaridan samarali foydalanishga qaratilgan saʼy-harakatlar kuchaytirilayotganidan dalolat berishi taʼkidlandi.
“Hindiston – Markaziy Osiyo” jamgʻarmasi prezidenti, Hindistonning Qozogʻiston, Estoniya, Finlyandiya va Surinamdagi sobiq elchisi, Markaziy Osiyo boʻyicha taniqli mutaxassis Ashok Sharma Oʻzbekiston mintaqada yetakchi mavqega ega ekanini qayd etib, Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida amalga oshirilayotgan yangilanish jarayoni xalqaro maydonda yuksak baholanayotgani, jumladan, hindistonlik tadqiqotchilarning katta qiziqishiga sabab boʻlayotganini urgʻuladi. Xususan, Jamgʻarma tomonidan 2023-yil Oʻzbekistondagi soʻnggi voqealarga bagʻishlab turkum anjumanlar oʻtkazildi, ularda Hindistonning yetakchi tadqiqot markazlari vakillari faol ishtirok etib, ilmiy maʼruzalar qildi. Ana shunday tadbirlar joriy yil ham davom ettiriladi.
Jamgʻarma direktori Ramakant Dvivedi Elchixona hamda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti huzuridagi Diplomatiya akademiyasi bilan hamkorlikda ikki mamlakat tadqiqotchi olimlarining Oʻzbekiston–Hindiston serqirra munosabatlarining bugungi holati va istiqbollariga bagʻishlangan ilmiy maqolalari toʻplami nashrga tayyorlanayotgani oʻzaro anglashuv va istiqboldagi samarali aloqalar uchun alohida ahamiyat kasb etishiga umid bildirdi. Kitob joriy yil bahor oylarida keng jamoatchilik eʼtiboriga havola etiladi.
Davra suhbati chogʻida Elchixona va jamgʻarma oʻrtasidagi hamkorlikni yanada faollashtirish, 2024-yilda oʻtkazilishi rejalashtirilayotgan qoʻshma tadbirlar, turli yoʻnalishlarda, jumladan, oliy taʼlim va iqtisodiy diplomatiya sohasida amalga oshiriladigan yangi loyihalar yuzasidan fikr almashildi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring