Oʻzbekiston va Afgʻoniston 500 million dollardan ortiq qiymatdagi savdo shartnomalarini imzoladi
Oʻzbekiston va Afgʻoniston ikki tomonlama iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan biznes-konferensiya doirasida 520 million dollarlik qator savdo shartnomalarini tuzdilar. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar bermoqda.
Afgʻoniston savdo-sanoat va investitsiya palatasi oxirgi olti oy ichida ikki davlat iqtisodiy institutlari oʻrtasidagi hamkorlik sezilarli darajada kengayganini maʼlum qildi.
Palata rahbari Saidkarim Hoshimiy taʼkidlashicha, Oʻzbekiston delegatsiyalarining Afgʻonistonga muntazam tashriflari tadbirkorlar oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri muloqot oʻrnatilishiga va savdo aloqalarining mustahkamlanishiga xizmat qilgan.
Uning soʻzlariga koʻra, tashriflar davomida qishloq xoʻjaligi, oziq-ovqatni qayta ishlash, togʻ-kon sanoati, transport, logistika, qurilish, neft mahsulotlari va energetika kabi sohalarda umumiy qiymati 1,4 milliard dollardan ortiq boʻlgan kelishuvlar imzolangan.
Afgʻoniston sanoat va savdo vaziri Nuruddin Aziziy mamlakatni Oʻzbekiston mahsulotlari uchun istiqbolli bozor deb atadi.
Oʻz navbatida, Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov viloyat tadbirkorlari afgʻonistonlik hamkorlar bilan birgalikda qoʻshma korxonalar, jumladan, sement, elektr kabellari, farmatsevtika va poyabzal ishlab chiqarish boʻyicha loyihalarni amalga oshirishga tayyor ekanliklarini bildirdi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring