Oʻzbekiston U-20 qizlar terma jamoasi chorak finalda
Kecha, 8-aprel kuni 20 yoshgacha boʻlgan futbolchi qizlar oʻrtasidagi Osiyo chempionati musobaqasining 3-tur oʻyinlari yakunlandi.
Tur doirasida Vladimir Panov boshchiligidagi Oʻzbekiston U-20 qizlar terma jamoasi Iordaniya termasi bilan kuch sinashdi. Uchrashuv 4:0 hisobida Oʻzbekiston termasining gʻalabasi bilan yakunlandi.
Uchrashuvda hisob 22-daqiqada Eʼtibor Shodiyeva tomonidan ochildi. Oradan 6 daqiqa oʻtib, Shahnoza Dekanboyeva jamoamizning ikkinchi golini kiritdi. Taym yakunida Oydinoy Turgunova oʻzining uzoq masofadan yoʻllagan ajoyib zarbasi bilan hisobni 3:0 koʻrinishiga keltirdi. Birinchi boʻlim shu hisob bilan yakunlandi.
Ikkinchi boʻlim soʻnggida Turgunova oʻz hisobiga yana bitta gol yozdirib qoʻydi. Shu tariqa Oʻzbekiston milliy terma jamoasi guruhda 3 ochko jamgʻargan holda musobaqaning chorak finaliga yoʻl oldi.
Oʻyindan soʻng, Oʻzbekiston U-20 terma jamoasi aʼzolari “Xalq soʻzi” sayti uchun maxsus intervyu berishdi.
Eʼtibor Shodiyeva
“Bugun oʻzgacha oʻyin boʻldi. Barchamiz gʻalaba qozonishga ishongan edik. Buni uddalay olganimizdan, murabbiylarimiz, rahbariyatimiz va, albatta, ota-onalarimiz bizga bildirgan ishonchni oqlay olganimizdan xursandmiz. Oʻzbekiston xalqini gʻalaba bilan tabriklayman.
Nasib qilsa, Xitoyga qarshi oʻyinga ham jiddiy tayyorgarlik koʻramiz. Ushbu oʻyinda ham gʻalaba qozonib, Jahon chempionati yoʻllanmasini qoʻlga kiritish niyatidamiz”, – deb taʼkidladi birinchi gol muallifi.
Shahnoza Dekanboyeva
“Bugungi oʻyin juda yaxshi boʻldi. Hamma jonini berib harakat qildi. Oʻyin qiyin boʻlishini bilardik. Murabbiylarimiz bizga bergan koʻrsatmalarni toʻliq bajardik va aynan shu sabab gʻalaba qozondik, deb oʻylayman.
Golim haqida gapiradigan boʻlsam, avvalo ushbu gol uchun jamoadoshlarimga rahmat aytaman. Sababi mening golim jamoaviy oʻyinimizning mahsuli boʻldi.
Xitoy terma jamoasiga qarshi, nasib etsa, hammamiz borimizni berib, qoʻlimizdan kelgancha harakat qilamiz. Nasib etsa, albatta Oʻzbekistonga mundial yoʻllanmasi bilan qaytamiz, degan umiddamiz”, – deya fikr bildirdi ikkinchi gol muallifi.
Oydinoy Turgunova
“Bugungi oʻyin zoʻr boʻldi. Jamoamiz bilan oxirigacha gʻalaba uchun kurashdik. Murabbiyimizning koʻrsatmalari asosida birdek harakat qildik. Bu gʻalabamizning asosiy sababi boʻldi.
Gʻalaba uchun, albatta, gollar kerak. Bugun koʻproq gol kiritishga harakat qildik. Imkoniyatlarimdan unumli foydalandim. Bunda jamoadoshlarimning ham hissasi katta boʻldi. Ularga ham buning uchun rahmat aytaman.
Xitoy terma jamoasiga qarshi munosib oʻyin koʻrsatib, gʻalaba qilish niyatidamiz. Nasib etsa, Oʻzbekistonga mundial yoʻllanmasi bilan qaytamiz. Buning uchun oxirigacha kurashamiz. Bizga ishonch bildirgan barchaga rahmat”, – deydi oʻyin qahramoni.
Maʼlumot uchun, Oʻzbekiston U-20 terma jamoasi chorak final oʻyinini 11-aprel sanasida oʻtkazadi. Ushbu bahsda jamoaga Xitoy termasi raqiblik qiladi.
Muhammadamin Zuhriddinov tayyorladi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring