Oʻzbekiston Trinidad va Tobago bilan diplomatiya munosabatlarini oʻrnatdi

19:13 16 Iyun 2023 Siyosat
584 0

Foto: "Dunyo" AA

Bu Oʻzbekiston diplomatiya munosabatlarini oʻrnatgan 144-mamlakat boʻldi.

Shu yilning 15-iyun kuni Nyu-York shahrida (AQSH) Oʻzbekiston Respublikasi hamda Trinidad va Tobago Respublikasi oʻrtasida diplomatiya munosabatlarini oʻrnatish boʻyicha Qoʻshma kommyunike imzolandi. Bu haqda "Dunyo" AA xabar bermoqda.

Ikki mamlakat hukumatlari nomidan hujjatni Oʻzbekistonning Birlashgan Millatlar Tashkilotidagi doimiy vakili, elchi Baxtiyor Ibragimov hamda Trinidad va Tobagoning BMTdagi doimiy vakili Dennis Frensis imzoladilar.

"Trinidad va Tobago hamda Oʻzbekiston dunyoga va xalqaro hamjamiyatga diplomatiya munosabatlarini oʻrnatish qarorini rasman eʼlon qilgan kun kelganidan mamnunman, — dedi Dennis Frensis kommyunike imzolangandan soʻng. — Biz Trinidad va Tobagoda buni Markaziy Osiyo mintaqasining muhim aʼzosi boʻlgan Oʻzbekiston bilan uzoq muddatli va oʻzaro manfaatli munosabatlarning ibtidosi, deb bilamiz".

Trinidad va Tobago — Janubiy Amerikaning Shimoliy-Sharqiy qirgʻogʻida joylashgan davlat, Britaniya Hamdoʻstligi hamda Amerika davlatlari tashkilotining aʼzosi hisoblanadi.

Tomonlar xalqaro tashkilotlar, jumladan, BMT va uning ixtisoslashgan muassasalari doirasida qoʻshma hamkorlikni mustahkamlashdan manfaatdor ekanliklarini tasdiqladilar. Hamkorlikning oʻzaro manfaatli yoʻnalishlarini qidirib topish boʻyicha ikki tomonlama aloqalarni qoʻllab-quvvatlashga kelishib olindi.

Hujjatning imzolanishi Oʻzbekistonning Karib havzasi mamlakatlari bilan hamkorligini faollashtirish yoʻlidagi muhim qadam boʻldi.

Bundan avvalroq, shu yilning 1-iyun kuni doimiy vakil Dennis Frensis BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasi raisi etib saylangan edi.

Eslatib oʻtamiz: joriy yilning 28-aprel kuni mamlakatimiz Syerra-Leone Respublikasi bilan diplomatiya aloqalarini oʻrnatgan edi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер