Oʻzbekiston — Tojikiston: parlamentlararo munosabatlar xalqlarimiz doʻstligiga xizmat qiladi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri Nuriddin Ismoilov Tojikiston Respublikasining Oʻzbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Abdujabbor Rahmonzodani qabul qildi.
Uchrashuvda Oʻzbekiston va Tojikiston oʻrtasidagi munosabatlarga toʻxtalar ekan, soʻnggi yillarda ikki davlat rahbarlarining oʻzaro ishonchga asoslangan munosabatlari va qatʼiy siyosiy irodasi tufayli Oʻzbekiston-Tojikiston qardoshlik rishtalari rivojida yutuqlarga erishilgani, ikki tomonlama aloqalar sezilarli darajada faollashgani alohida taʼkidlandi.
Muloqot davomida Tojikiston elchisiga mamlakatimizda bugungi kunda amalga oshirilayotgan Konstitutsiyaviy islohotlar oʻzining qizgʻin pallasiga kirgani, ayni kunlarda Oʻzbekiston xalqi va mamlakati bevosita demokratiyaning muhim instituti boʻlmish umumxalq referendumiga yuqori darajada tayyorgarlik koʻrayotgani yuzasidan maʼlumot berildi.
Oʻz oʻrnida A.Rahmonzoda hozirgi paytda ikki davlat oʻrtasida turli sohalarda anʼanaviy doʻstlik va sherikchilikka asoslangan hamkorlik kundan kunga rivojlanib borayotgannini, bunda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyevning qoʻshni davlatlar bilan aloqalarni mustahkamlash borasidagi oqilona siyosati muhim ahamiyat kasb etayotganini taʼkidladi.
Shuningdek, A.Rahmonzoda yangilanayotgan Konstitutsiyada inson huquqlariga, aholini ijtimoiy himoyasi, sogʻliqni saqlash, milliy iqtisodiyotni rivojlantirishga oid normalarning aks etganini, aksariyat normalar xalqparvar davlat qurish, kuchli parlament, ixcham va masʼuliyatli hukumat, mustaqil va adolatli sud tizimini barpo etish maqsadiga yoʻnaltirilayotganligiga yuqori baho berib, mazkur jarayonlarning ommaviy axborot vositalarida keng va ochiq yoritib borilayotganligiga eʼtibor qaratdi.
Uchrashuvda Oʻzbekiston Respublikasi va Tojikiston Respublikasi parlamentlararo doʻstlik guruhlari ikki tomonlama savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar hamkorlikni yanada jadallashtirishga qaratilgan huquqiy bazani takomillashtirish, xususan delegatsiyalar almashuvi, oʻzaro tadbirlarda qatnashish hamda dolzarb xalqaro va mintaqaviy masalalar yuzasidan ochiq muloqot olib borish borasidagi ishlarni yanada jadallashtirish yuzasidan fikr almashildi.
Muloqot yakunida tomonlar oʻzaro aloqalarini mustahkamlash va amaliy hamkorlikni har tomonlama davom ettirishga kelishib oldilar.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring