Oʻzbekiston telekanallari yangi #birgakurashamiz chelenjini ishga tushirdi
Oʻzbekiston Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi (OʻzEOAVMA) COVID-19 koronavirusining tarqalishiga qarshi kurashda mamlakatimiz fuqarolarining ruhiy bardamligini koʻtarish maqsadida keng qamrovli #birgakurashamiz (#vmestepobedim) xeshtegi ostidagi yangi umumxalq chellenjni ishga tushirmoqda.
Chellenj doirasida oʻzbekistonliklarga telekanallarning elektron va ijtimoiy tarmoqdagi manzillariga karantin davrida boʻsh vaqtni qanday oʻtkazayotganlari, bolalariga qay yoʻsinda taʼlim-tarbiya berayotganlari haqidagi videolavhalarini yuborishlari kerak boʻladi. Bu chellenjda barcha ishtirok etishi mumkin.
“Biz butun xalqimizni har qanday vaziyatda hamjihat boʻlishga, bir-birimizni qoʻllab-quvvatlashga chaqiramiz. Yurtdoshlarimiz ulashayotgan videolavhalar birdamlik muhitini mustahkamlashga yordam beradi” – deydi OʻzEOAVMA boshqaruvi raisi Firdavs Abduxoliqov.
Bundan tashqari barcha telekanallar tomonidan koronavirusga qarshi kurashayotgan tibbiyot xodimlarining, huquq-tartibot idoralari vakillarining fidokorona harakatlari aks ettirilgan lavhalar namoyish qilinadi.
Qayd etish oʻrinliki, mavjud vaziyat talablaridan kelib chiqib, milliy telekanallarimiz oʻz dasturlariga muayyan oʻzgartirishlar kiritishgan.
“UzreportTV telekanali aholini epidemiologik vaziyat va COVID-19ga qarshi kurashish jarayonlaridan muntazam xabardor qilib turish maqsadida maxsus telekoʻrsatuvlar dasturini joriy qilgan” – deydi mazkur telekanal rahbari Ravshan Joʻrayev.
“MY5 telekanali karantin davrida maktab va litseylar oʻquvchilari uchun televizion darslar va oʻquv koʻrsatuvlarini uzatishni yoʻlga qoʻydi. Ular bolalarga oʻquv jarayonidan uzilib qolmasliklari uchun katta yordam beradi. Shu bilan birga, odamlar uyda, masofadan turib qanday ishlayotganini koʻrsatuvchi maxsus dasturlar ham tayyorlayapmiz”, — deydi telekanal direktori Qobiljon Axmedov.
“ZOʻR TV telekanali “Oʻzbekiston Mehr-shafqat va salomatlik” xayriya fondiga qoʻshimcha mablagʻlarni jalb qilishga chaqiruvchi roliklarni namoyish qilmoqda, shuningdek, taniqli tadbirkorlar, madaniyat va sanʼat vakillari ishtirokida karantinni qay tartibda oʻtkazish haqida tavsiyalarni oʻz ichiga olgan koʻrsatuv va roliklar ham berib borilmoqda. 23-martdan boshlab kechki soatlarda Milliy Gvardiya, Davlat bojxona qoʻmitasi, Davlat soliq qoʻmitasi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Bosh prokuratura va boshqa idoralar xodimlari ishtirokida “Daxldorlik tuygʻusi” koʻrsatuvi namoyish qilinyati”, — deydi telekanal direktori Muzaffar Mirzaahmedov.
“Biz butun dunyo koronavirusga qarshi qanday kurashayotgani haqida xabarlar tasmasini ishga tushirdik. Shuningdek, oʻzbek va jahon yulduzlari, taniqli insonlarning aholini karantin davrida uyda oʻtirishga daʼvat etadigan xitoblari ham namoyish etilmoqda” deydi Sevimli telekanali direktori Jaloliddin Safoyev.
“Milliy TVda koronavirus profilaktikasi haqida roliklar uzatila boshlandi. Boshqa telekanallar singari biz ham “Oʻzbekkino tuhfasi”, “Uy kinoteatri” aksiyalari doirasida milliy filmlarimizni namoyish etib boryapmiz” – deydi ushbu telekanal bosh direktori Mamanbiy Omarov.
“Biz assotsiatsiyamizga aʼzo boʻlgan barcha telekanallar, radiostansiyalar, kabel televideniyesi studiyalariga koronavirus epidemiyasiga qarshi kurashda koʻrsatayotgan faol fuqarolik pozitsiyasi uchun samimiy minnatdorlik bildiramiz” deydi OʻzEOAVMA rahbari Firdavs Abduxoliqov.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring