Oʻzbekiston tashqi ishlar vaziri YXHT hamkorlarini “Umumiy xavfsizlik va farovonlik yoʻlida hamjihatlik borasidagi Samarqand tashabbusi”ni qoʻllab-quvvatlashga chaqirdi
Foto: Tashqi ishlar vazirligi
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov YXHT Vazirlar kengashining navbatdagi yigʻilishidagi soʻzlagan nutqida tashkilot faoliyatini takomillashtirish boʻyicha takliflarni bildirdi.
YXHT qiyin kunlarni boshidan kechirayotgani, ishtirokchi davlatlar oʻrtasidagi ishonch darajasi pasaygani, ziddiyatli vaziyatlar tez-tez uchrayotgani taʼkidlandi.
Bunday sharoitda geosiyosiy raqobat va mafkuraviy qarama-qarshiliklardan xoli muloqot, shuningdek, ishtirokchi-davlatlar duch kelayotgan barcha murakkab muammolarning yechimlarini birgalikda izlash nihoyatda dolzarb ahamiyatga ega va bu YXHT kun tartibining asosi boʻlib qolishi kerak.
Shu nuqtayi nazardan, V.Norov yigʻilish ishtirokchilari eʼtiborini Oʻzbekiston Prezidenti tomonidan ilgari surilgan “Umumiy xavfsizlik va farovonlik yoʻlida hamjihatlik borasidagi Samarqand tashabbusi”ning dolzarbligiga qaratdi. Ushbu tashabbus dunyo davlatlari va xalqlarining madaniy, millatlararo, dinlararo oʻzaro munosabatlarni rivojlantirish orqali mavjud qarama-qarshilik va kelishmovchiliklarni yumshatish maqsadida saʼy-harakatlari birlashtirishga qaratilgan.
Oʻzbekiston Tashqi ishlar vaziri YXHT doirasidagi hamkorlarini ushbu tashabbusni qoʻllab-quvvatlashga chaqirdi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring