Oʻzbekiston Superligasida navbatdagi isteʼfo

06:30 13 Aprel 2026 Sport
155 0

“Andijon” jamoasi bosh murabbiyi Samvel Babayan klub boshqaruvini tark etdi. Bu haqda murabbiyning oʻzi OKMKga qarshi oʻyindan soʻng tashkil etilgan matbuot anjumanida aytib oʻtdi.

“Rahbariyat bilan gaplashdik. Jamoani boshqasi boshqarishi kerak. Men va mening murabbiylar shtabi isteʼfoga chiqamiz”, deydi u.

Murabbiy “Andijon” klubiga omad tilab, birinchi navbatda hozirgi vaziyat oʻnglanishini xohlashini aytgan. U klubga Chempionatda va Kubokda yaxshi natijalarni qoʻlga kiritishini tilab, maksimal darajada kurashgan futbolchilarni eʼtirof etgan.

“Eʼtirozim yoʻq, ular qoʻllaridan kelganicha ishini qilishdi. Jamoani keyingi faoliyatiga omad tilayman. Barcha muxlislarga jamoamizni toʻxtamay qoʻllab-quvvatlab turishgani uchun katta rahmat. Bu yerda ishimizni boshidan to shu kungacha mehnatimizni qadrlab olqishlashgani uchun ishqibozlardan minnatdorman”, dedi Babayan.

Murabbiy, shuningdek, Nodir Toʻychiyevga alohida rahmat aytgan. Taʼkidlanishicha, u jamoani uzluksiz qoʻllamoqda. Uning boshchiligida fan-klub mamlakatdagi eng zoʻriga aylangan.

“Bunday muxlislar koʻp narsaga loyiq. Hammaga rahmat. Oʻylaymanki, “Andijon”da barchasi yaxshi boʻladi”, deydi Samvel Vyacheslavovich.

Maʼlumot uchun, “Andijon” jamoasi Samvel Babayan qoʻl ostida 7 ta oʻyinda maydonga tushdi va bu bahslarning 5 tasida magʻlub boʻldi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?