Oʻzbekiston Sudyalari assotsiatsiyasining VI syezdi boʻlib oʻtdi
Foto: Халқ сўзи
Toshkent shahrida Oʻzbekiston Sudyalari assotsiatsiyasining VI syezdi boʻlib oʻtdi. Anjumanda respublikamiz sudlari raislari va sudyalari orasidan saylangan 200 nafardan ziyod delegat ishtirok etdi.
Syezdning tantanali ochilishida ishtirok etgan Oliy majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi oʻrinbosari A. Saidov, Konstitutsiyaviy sudi raisi M. Abdusalomov, Oliy sud raisi B. Islamov va Sudyalar oliy kengashi raisi X. Yodgorov delegatlarni muhim voqelik – Sudyalar assotsiatsiyasining 25 yilligi bilan samimiy tabrikladilar.
Shundan soʻng Assotsiatsiyaning besh yillik faoliyati yuzasidan fikr-mulohaza va takliflar bildirildi.
Taʼkidlanganidek, 1997-yilda tashkil etilgan Oʻzbekiston sudyalari assotsiatsiyasi sudyalarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, sud hokimiyatining nufuzini oshirishda muhim oʻringa ega. Oʻtgan davr davomida assotsiatsiya sud hokimiyatini mustahkamlashga munosib hissa qoʻsha oladigan mustaqil jamoat tashkiloti sifatida shakllandi.
Tadbirda mamlakatimiz sud-huquq tizimida Prezidentimiz tashabbusi bilan tarixiy islohotlarni amalga oshirishda, odil sudlov sifati va samaradorligini taʼminlashda, malakali sudyalar korpusini shakllantirish, sud hokimiyatining nufuzini oshirishda, umuman aytganda, sudni tom maʼnoda “Adolat qoʻrgʻoni”ga aylantirishda oʻz safida mingdan ortiq aʼzoni jamlagan Oʻzbekiston Sudyalari assotsiatsiyasining ham munosib oʻrni borligi qayd etildi.
Davlatimiz rahbari tomonidan sud idorasiga ishi tushgan har bir shaxs ushbu dargohda qonun va adolat ustuvor ekaniga ishonch hosil qilishi lozimligi, har qanday bahsli masalaga adolatli yechim faqat odil sud tomonidan topilishi kerakligi, sudyalar ishiga har qanday aralashuv keskin jazolanishi, ularning xavotirsiz ishlashi uchun barcha zarur sharoitlar yaratilishi hamda sud tizimidagi islohotlar davom ettirilishi borasida belgilab berilgan vazifalari sudyalar hamjamiyati uchun dasturilamal boʻlishligi taʼkidlandi.
Shu oʻrinda syezd delegatlari tomonidan Assotsiatsiya sudyalarni “Inson qadri uchun” gʻoyasi asosida chinakam adolatli sud tizimini shakllantirish hamda faoliyatini xalq manfaati va inson qadr-qimmatini samarali himoya qilishga yoʻnaltirish, sudyalarni vatanparvar, adolatni chuqur his etadigan va unga oʻz faoliyatida doimo qatʼiy amal qiladigan ruhda tarbiyalash, ularning bilimi va kasbiy mahoratini muntazam ravishda oshirib borishni tashkillashtirish, sudyalar hamjamiyati organlarining sud tizimini takomillashtirish borasidagi harakatlarini yanada uygʻunlashtirish va yagona maqsadga yoʻnaltirish hamda aholi oʻrtasida sud hokimiyatining nufuzi va obroʻ-eʼtiborini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlarni muntazam ravishda tashkil etish kabi takliflar bildirildi.
Shuningdek anjumanda Oʻzbekiston Sudyalari assotsiatsiyasining 2017-2022-yillardagi faoliyatiga oid hisoboti tinglandi. Assotsiatsiyaning 2017-2022-yillardagi moliyaviy faoliyati toʻgʻrisidagi hisobot ham ishtirokchilar tomonidan atroflicha muhokama qilindi.
Hisobotlar yuzasidan muzokaralar poyoniga yetgach, Oʻzbekiston Sudyalari assotsiatsiyasi Ustaviga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish masalasi koʻrib chiqilib, koʻpchilik ovoz bilan Oʻzbekiston Sudyalari assotsiatsiyasi Ustaviga bir qator oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilishi belgilandi.
Bundan tashqari, Oʻzbekiston Sudyalari assotsiatsiyasi raisi va Markaziy kengash aʼzolari hamda Taftish komissiyasiga nomzodlar ham ovozga qoʻyildi.
Shu tariqa Oʻzbekiston Sudyalari assotsiatsiyasi raisligiga koʻp yillar davomida shu lavozimda faoliyat yuritib kelayotgan Ubaydulla Mingboyev nomzodi maʼqullandi.
16 nafar delegat esa Markaziy kengash aʼzosi etib saylangan boʻlsa, 3 nafar nomzod Taftish komissiyasi aʼzosi etib belgilandi.
Shuningdek tadbirda Sudyalar assotsiatsiyasining joylardagi filiallarining 5 nafar raisiga tashakkurnoma va esdalik sovgʻalari berilib, bir necha sudya va sud faxriylari “Sud faxriysi” koʻkrak nishoni va qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlandi.
Oʻzbekiston Sudyalari Assotsiatsiyasining kelgusi rejalari belgilab olingach, syezd oʻz ishini yakunladi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring