Oʻzbekiston Respublikasining Davlat gerbi 32 yoshda!
Bugun, 2-iyul, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi qabul qilingan kun sifatida nishonlanadi.
“Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi toʻgʻrisida”gi qonun 1992-yil 2-iyulda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining X sessiyasida qabul qilingan.
Gerbimiz gullagan vodiy uzra charaqlab turgan quyosh tasviridan hamda soʻl tomonida bugʻdoy boshoqlari, oʻng tomonida ochilgan paxta chanoqlari tasviri tushirilgan chambardan iborat.
Gerbning yuqori qismida respublika jipsligining ramzi sifatida sakkiz qirrali yulduz tasvirlangan: sakkiz qirra ichida joylashgan yarim oy va yulduz musulmonlarning qutlugʻ ramzidir.
Gerbning markazida himmat, olijanoblik va fidoyilik timsoli boʻlgan afsonaviy Humo qushi qanotlarini yozib turibdi. Ushbu ramz va timsollar xalqimizning tinchlik, yaxshilik, baxt-saodat, farovonlik yoʻlidagi orzu-umidlarini ifodalaydi.
Gerbning pastki qismida respublika Davlat bayrogʻini ifoda etuvchi chambar lentasining bandiga “Oʻzbekiston” deb yozib qoʻyilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbining rangli koʻrinishida: Humo qushi va daryolar — kumush rangida; quyosh, boshoqlar, paxta chanoqlari va “Oʻzbekiston” yozuvi — oltin rangida; gʻoʻza shoxlari va barglari, togʻlar va vodiy — yashil rangda; chanoqlardagi paxta — oq rangda; lenta — Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻining ranglarini aks ettiruvchi uch xil rangda; sakkizburchak — oltin zarhal bilan hoshiyalangan holda havo rangda; yarim oy va yulduzlar — oq rangida tasvirlangan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring