“O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun ma’qullandi
Foto: Hasan Paydoyev / "Xalq so'zi"
2023 yil 4 may kuni Senatning navbatdagi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuni senatorlar tomonidan muhokama qilindi.
Muhokamalarda ta’kidlanganidek, Qonun fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining maqomini hamda saylov tizimini takomillashtirishga, saylov ishtirokchilarining huquqiy kafolatlarini kuchaytirishga, shu jumladan, mahalliy Kengashlarga saylovlar bo‘yicha saylov qonunchiligidagi huquqiy bo‘shliqlarni bartaraf etishga qaratilgan.

Qonun bilan har yillik mahalliy byudjetlarda bo‘shab qolgan deputatlik o‘rinlari uchun saylovlarga tayyorgarlik ko‘rish hamda ularni o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlarni moliyalashtirish tartibi, shuningdek, ushbu jarayonda Markaziy saylov komissiyasining vakolatlari belgilanmoqda.
Ushbu o‘zgarishlar vakillik organlari faoliyatining samarali tashkil etishga xizmat qilishi, fuqarolarning o‘z vakillari orqali davlat va jamiyat ishlarini boshqarishda ishtirok etishga bo‘lgan konstitusiyaviy huquqlarini har tomonlama amalga oshirishlari uchun shart-sharoit yaratadi.

Senatorlar Qonun bilan yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining 128-moddasidan kelib chiqib, qonunchilikka muomalaga layoqatsiz shaxslar, og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyat sodir etganligi uchun ozodlikdan mahrum qilish joylarida saqlanayotgan shaxslarning saylov va referendumda ishtirok etishga oid huquqlarini ta’minlashga qaratilgan qo‘shimcha kafolatlar belgilanganligini ham qayd etdilar.

Qonun fuqarolar yig‘inlari faoliyatining huquqiy asoslarini yanada mustahkamlashi qayd etildi. Xususan, Qonunda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va fuqarolar yig‘ini raisining maqomiga oid ayrim qonun hujjatlarining normalari yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining 127-moddasiga muvofiqlashtirilmoqda.

Senatorlar tomonidan qonun bilan saylov qonunchiligidagi o‘zaro nomuvofiqliklar ham bartaraf etilayotganligi qayd etildi. Xususan, turli organlarga takroriy saylovlarni o‘tkazish asoslari va tartibi o‘zaro muvofiqlashtirilmoqda, ushbu jarayonda Markaziy saylov komissiyasining vakolatlari belgilab qo‘yilmoqda.
Qonunda bo‘shab qolgan o‘rinlarga hamda yangi tashkil etilgan ma’muriy-hududiy birliklarda mahalliy Kengashlar deputatlari saylovini o‘tkazish tartibi bilan bog‘liq ayrim huquqiy bo‘shliqlar ham bartaraf etilayotganligi ta’kidlandi.

Yalpi majlisda Qonun bilan taklif etilayotgan yangi normalar va tartib-taomillar Yevropa Ittifoqi, Gruziya, Rossiya Federasiyasi, Qozog‘iston, Ozarbayjon, Belarus, Armaniston, Ukraina kabi xorijiy mamlakatlar tajribasiga hamohangligi ta’kidlandi.
Muhokamalar davomida Qonun xalqaro standartlar, xususan, Yevropa Kengashi Venesiya komissiyasi hamda Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti tavsiyalari, Demokratik saylovlar, saylovga doir huquq va erkinliklar standartlari to‘g‘risidagi konvensiya talablariga mos ekanligi e’tirof etildi.

Senatorlar Qonun saylov tizimini takomillashtirishga, saylov ishtirokchilarining huquqiy kafolatlarini kuchaytirishga, fuqarolar yig‘inlari faoliyatining va referendumda ishtirok etishning huquqiy asoslarini yanada mustahkamlashga xizmat qilishini qayd etdilar.
Yalpi majlis yakunida senatorlar tomonidan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish
va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuni ma’qullandi.



Foto: Hasan Paydoyev / "Xalq so'zi"
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring