Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti MDH norasmiy sammitida ishtirok etdi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 7-oktyabr kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin tashabbusi bilan Sankt-Peterburg shahrida oʻtkazilgan Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligiga aʼzo davlatlar rahbarlarining norasmiy uchrashuvida ishtirok etdi.
Sammitda Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenko, Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev, Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon, Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov, Qozogʻiston Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan ham qatnashdi.
Tadbirda kelgusi haftada Ostona shahrida boʻlib oʻtadigan MDH Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisiga tayyorgarlik bilan bogʻliq dolzarb masalalar koʻrib chiqildi.
Koʻp tomonlama hamkorlik va mintaqaviy sheriklikning muhim jihatlari muhokama qilindi. Savdo-iqtisodiy, investitsion, transport-kommunikatsiya sohalaridagi yaqin aloqalarni kengaytirishga alohida eʼtibor qaratildi.
Shu bilan davlatimiz rahbarining amaliy tashrifi yakunlandi. Prezidentimiz Toshkentga joʻnab ketdi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring