Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Amerika-Oʻzbekiston savdo palatasi delegatsiyasini qabul qildi
Foto: president.uz
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 16-noyabr kuni “Koʻksaroy” qarorgohida Xorijiy investorlar kengashining birinchi majlisida ishtirok etish uchun mamlakatimizga kelgan Amerika-Oʻzbekiston savdo palatasi raisi Kerolin Lemm boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv oʻtkazdi.
Delegatsiya tarkibida uchrashuvda AQSHning “General Electric”, “Procter and Gamble”, “Coca-Cola” “CNH Industrial”, “John Deere”, “Zeppelin” va “Silverleafe” kompaniyalari rahbarlari ishtirok etdi.
Davlatimiz rahbari mehmonlarni qutlar ekan, Oʻzbekiston va AQSH oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlik jadal rivojlanib borayotganini alohida taʼkidladi.
Tarkibiga 38 ta yetakchi kompaniya kiruvchi Amerika-Oʻzbekiston savdo palatasi ikki tomonlama strategik sheriklikni mustahkamlashga salmoqli hissa qoʻshayotgani qayd etildi.
Mamlakatlarimiz korxonalari oʻrtasidagi amaliy hamkorlikni kengaytirish va qoʻshma kooperatsiya loyihalarini ilgari surish yuzasidan fikr almashildi.
Energetika, kimyo tarmogʻi, mashinasozlik, oziq-ovqat va toʻqimachilik sanoati, qishloq xoʻjaligi va sogʻliqni saqlash sohalari hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlari sifatida qayd etildi.
Kerolin Lemm palata aʼzolarining yurtimizdagi faoliyati har tomonlama qoʻllab-quvvatlanayotgani uchun AQSH ishbilarmonlar hamjamiyati nomidan davlatimiz rahbariga tashakkur bildirdi.
Amerika ishbilarmon doiralari vakillari AQSH biznesining oʻzaro hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga qiziqishi ortib borayotganini alohida taʼkidladi. Oʻzbekiston yetakchisi rahbarligida amalga oshirilayotgan islohotlarning muvaffaqiyatlarini yuqori baholab, mamlakatimiz bilan investitsiyaviy sheriklikni kengaytirish uchun ochilayotgan imkoniyatlardan faol foydalanishga intilishini tasdiqladi.
Yangi qoʻshma loyihalarni ishlab chiqish uchun 2023-yilning birinchi choragida qoʻshma biznes forumini oʻtkazishga kelishib olindi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring