Oʻzbekiston–Qozogʻiston: parlamentlararo hamkorlik masalalari muhokama qilindi
Foto: Oliy Majlis Senati axborot xizmati
10-fevral kuni Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva Markaziy Osiyo davlatlarining birinchi parlamentlararo forumi doirasida Qozogʻiston Respublikasi Parlamenti Senati Raisi Maulen Ashimbayev bilan uchrashdi.
Uchrashuvda davlatlarimiz oʻrtasidagi hamkorlik yuqori ishonch va oʻzaro hurmat asosida rivojlanib borayotgani, oʻz navbatida aloqalarning faollashuvi mamlakatlarimizning koʻp qirrali munosabatlarini yanada kengaytirishga xizmat qilishi taʻkidlandi. Konstruktiv va amaliy ruhda kechgan muloqotda parlamentlararo hamkorlikning istiqbollari, xususan oʻzaro aloqalarni yangi mazmun bilan boyitish yuzasidan fikr almashildi.
Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva Oʻzbekiston-Qozogʻiston oʻrtasidagi ikki tomonlama aloqalar mustahkamlanib borayotgan hozirgi sharoitda parlamentlararo hamkorlikni har tomonlama rivojlantirish muhim ekanini, parlament aʻzolari davlatlarimiz rahbarlari tomonidan belgilangan maqsadlar ijrosi ustidan parlament nazoratini taʻminlash uchun barcha saʻy-harakatlarni ishga solishi lozimligini taʻkidlab oʻtdi. Shuningdek, madaniy-gumanitar aloqalarni chuqurlashtirish qardosh xalqlar oʻrtasida doʻstona munosabatlarni mustahkamlashda muhim omil ekani, parlamentlar madaniy almashinuvlarni, xususan, fan, taʻlim, turizm, sport va boshqa sohalarda qoʻshma faoliyatni qoʻllab-quvvatlashda faol boʻlishi lozimligini qayd etdi.
Qozogʻiston Respublikasi Parlamenti Senati Raisi Maulen Ashimbayev Markaziy Osiyo davlatlari forumining mintaqaviy ahamiyatiga toʻxtalib, mazkur formatdagi maydonni tashkil etish tashabbuskori aynan Oʻzbekiston boʻlganligini alohida taʻkidladi. Ikki davlat oʻrtasidagi oʻzaro manfaatli konstruktiv hamkorlik mazkur platformada yanada yangi bosqichga koʻtarilishi va ikki davlat oʻrtasida yuqori darajada kelishilgan turli sohalardagi aloqalar yanada samarali olib borilishiga zamin boʻlishiga ishonch bildirdi.
Muloqot chogʻida shuningdek, tomonlar ikki davlat oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy hamkorlik, transport-kommunikatsiya, madaniy-gumanitar sohalardagi aloqalarni yanada kuchaytirish maqsadida parlamentlarning imkoniyatlaridan kengroq foydalanish zarurligini taʻkidladilar.
Uchrashuv yakunida ikki tomonlama va mintaqaviy kun tartibidagi keng koʻlamli masalalar yuzasidan muntazam ravishda muloqot va fikr almashishni davom ettirishga kelishib olindi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring