Oʻzbekiston — Qatar: strategik sheriklik sari
Jahonning eng rivojlangan, dunyodagi eng koʻp tabiiy zahiraga ega va tashqi savdoda Yaponiya, AQSH, Buyuk Britaniya, BAA, Germaniya kabi davlatlar bilan yaqin hamkorlik olib boruvchi Qatar endilikda Oʻzbekiston bilan oʻz munosabatlarini strategik sheriklik darajasiga koʻtarish uchun muloqot doirasini kengaytirmoqda. Bunga Prezidentimizning Qatar Davlatiga tashrifi fikrimizning yorqin ifodasi boʻla oladi.
Soʻnggi yillarda Oʻzbekiston va Qatar oʻrtasida savdo-iqtisodiy aloqalar jadallashib bormoqda. Jumladan, oʻtgan yili oʻzaro savdo hajmi 4,8 mln. dollarni tashkil etgan boʻlsa, joriy yilning birinchi yarmida ushbu koʻrsatkich hajmi 4,5 mln. AQSH dollariga teng boʻldi.
Bunda davlatlarimiz rahbarlarining doimiylik kasb etgan muloqotlari, ushbu uchrashuvlar chogʻida erishilgan kelishuvlar muhim ahamiyat kasb etayotir.
Shu maʼnoda, Doha shahridagi “Amiri Devon” majmuasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentini rasmiy kutib olishga bagʻishlangan tantanali marosim yurtdoshlarimiz, keng jamoatchilik diqqat-eʼtiborida boʻldi.
Xususan, Doha shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qatar Davlati Amiri shayx Tamim bin Hamad Ol Soniyning oliy darajadagi muzokaralari boʻlib oʻtdi. Unda siyosiy muloqotni yanada mustahkamlash, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish va madaniy-gumanitar almashinuvni faollashtirish masalalari koʻrib chiqildi. Muzokaralar jarayonida oʻzaro savdo hajmi oshayotgani, ikki mamlakat poytaxtlari oʻrtasida aviaqatnovlar yoʻlga qoʻyilgani, Qatarning yirik kompaniyalari bilan qoʻshma loyihalar boshlangani qayd etildi.
Muzokaralarda har ikki mamlakat savdo koʻrsatkichlarini karrasiga oshirish, anʼanaviy va “yashil” energetika, neft-kimyo, metallarni chuqur qayta ishlash, qurilish, turizm, moliya va boshqa sohalarda qoʻshma investitsiya loyihalarini amalga oshirish istiqbollari xususida soʻz bordi. Ishbilarmonlik aloqalarini faollashtirish uchun 2024-yil yanvar oyida Dohada qoʻshma Hukumatlararo komissiya, Ishbilarmonlar kengashining birinchi yigʻilishlari va biznes forumini oʻtkazish taklif qilindi.
Ishonmizki, bu kabi savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish va qoʻshma loyihalarni amalga oshirish imkonini berayotgan takliflar ikki tomon uchun ham manfaatli kechadi.
Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qatar Amiri shayx Tamim bin Hamad Ol Soniyning muzokaralaridan soʻng hamkorlikning turli sohalarini qamrab olgan “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Qatar Davlati Hukumati oʻrtasida turizm va ishbilarmonlik tadbirlari sohasidagi hamkorlik toʻgʻrisida bitim”; “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi va Qatar Davlati Ijtimoiy rivojlanish va oila vazirligi oʻrtasida hamkorlik toʻgʻrisida memorandum”; Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi va Qatar Davlati Ichki ishlar vazirligi oʻrtasida oʻzaro anglashuv memorandumi”; “Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi va Qatar Davlati Investitsiya agentligi oʻrtasida investitsiyaviy hamkorlik toʻgʻrisida oʻzaro anglashuv memorandumi”; “Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va Qatar Davlati Maʼmuriy nazorat va shaffoflik boshqarmasi oʻrtasida oʻzaro anglashuv memorandumi” kabi muhim hujjatlar imzolandi.
Shuningdek, madaniyat, taʼlim va turizm sohalaridagi almashinuvni kengaytirishga qaratilgan saʼy-harakatlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ilmiy va taʼlim muassasalari oʻrtasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish, biotexnologiyalar va sunʼiy intellekt, “yashil” energetika borasida qoʻshma tadqiqotlar oʻtkazish boʻyicha ham kelishuvlarga erishildi.
Bu kelishuvlar ikki mamlakat oʻrtasidagi aloqalarning tarixiy ahamiyatga molik yangi davrini boshlab berishi, shubhasiz.
Albatta, ilm, innovatsiya taraqqiy etgan ushbu davlatning oliy taʼlim muassasalari bilan oʻrnatiladigan hamkorlik aloqalari har tomonlama manfaatlidir. Bu borada Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi delegatsiyasi bilan akademik va ilmiy aloqalarni rivojlantirish, sunʼiy intellekt, biotexnologiya, “yashil” energiya va ekologik barqarorlik yoʻnalishlarida hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, oliygohlararo akademik aloqalarni mustahkamlashga doir uchrashuvlar tashkil qilinib, qator hujjatlar imzolangani eʼtiborga molik.
Shu oʻrinda taʼkidlash joizki, olib borilayotgan ochiq, pragmatik va faol tashqi siyosat hududlarda ham oʻz samarasini koʻrsatmoqda. Xususan, joriy yil boshida Fargʻona viloyatida boʻlgan Qatar Davlatining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Hasan Hamza Hoshim viloyat hokimi bilan boʻlib oʻtgan muloqot chogʻida hududda barcha yoʻnalishlarda hamkorlik koʻlamini sifat jihatdan yangi bosqichga koʻtarishga tayyor ekanligini bildirgani va oʻzaro manfaatli aloqalarni rivojlantirish boʻyicha bir qator tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlagani tahsinga sazovordir.
Xulosa oʻrnida aytganda, davlatimiz rahbarining ushbu tashrifi ikki mamlakat oʻrtasidagi munosabatlarda yangi sahifa ochdi. Oʻzbekiston — Qatar oʻzaro munosabatlarini har tomonlama taraqqiy ettirishda va erishilgan kelishuvlarni oʻz vaqtida, izchil amalga oshirishda mamlakatimiz biz, ziyolilar, oliy taʼlim muassasalari vakillari ham kamarbasta boʻlamiz.
Bahodirjon ShERMUHAMMADOV,
Fargʻona davlat universiteti rektori, professor.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring