Oʻzbekiston Prezidentining Afgʻoniston boʻyicha tashabbusi BMT Xavfsizlik kengashida taqdim etildi
Foto: Халқ сўзи
Joriy yilning 20-dekabr kuni BMT Xavfsizlik Kengashining Afgʻonistondagi vaziyatni muhokama qilishga bagʻishlangan yigʻilishida Oʻzbekistonning BMTdagi doimiy vakili oʻrinbosari, Muvaqqat ishlar vakili Nurilla Abdullayev mamlakatimiz tomonidan Afgʻonistonda uzoq muddatli tinchlik oʻrnatish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida maʼlumot berdi.
Hindiston raisligida boʻlib oʻtgan tadbirda BMT Xavfsizlik Kengashi aʼzolariga Prezident Shavkat Mirziyoyevning BMT shafeligi va koʻmagida Afgʻonistondagi vaziyatni barqarorlashtirish, jahon hamjamiyatining talablarini bosqichma-bosqich amalga oshirishni ushbu davlat muvaqqat hokimiyat organlari bilan muvofiqlashtirish boʻyicha yuqori darajada xalqaro muzokaralar olib boradigan guruhni shakllantirish haqidagi tashabbusi taqdim etildi.
Xavfsizlik Kengashi aʼzolariga Oʻzbekistonning Afgʻonistondagi muvaqqat organlar bilan oʻzaro hamkorligining samarali tajribasi haqida maʼlumot berildi. Maʼlum qilinganidek, Oʻzbekiston Tolibon harakati bilan muloqot orqali Afgʻonistonning shimoliy viloyatlarda qizlar uchun maktablar ochishga, Pokiston dengiz bandargohlariga Afgʻoniston orqali yuk tranzitini yoʻlga qoʻyishga muvaffaq boʻldi. Shu bilan birga, oʻtgan 10 oy davomida mazkur tranzit yoʻnalishi boʻyicha har ikki yoʻnalishda 600 ming tonnaga yaqin yuk tashilganiga eʼtibor qaratildi.
Shuningdek, yigʻilish ishtirokchilariga afgʻon mutaxassislari va talabalarini, jumladan, ayollarni oʻqitish hamda kasbga yoʻnaltirish, elektr taʼminoti, infratuzilma loyihalari, favqulodda gumanitar yordam koʻrsatish, afgʻon xalqiga koʻmaklashish boʻyicha respublika tomonidan koʻrsatilayotgan yordam haqida batafsil maʼlumotlar taqdim etildi. Termiz shahridagi koʻp funksiyali transport-logistika xabi orqali ushbu yoʻnalishdagi xalqaro saʼy-harakatlar muvofiqlashtirilayotgani qayd etildi. Ushbu xabga BMT shafeligida xalqaro maqom berish taklifi bildirildi.
Afgʻon xalqi hech qachon urush qilmagani, ularning barchasi afgʻon zaminiga tashqaridan olib kelingani alohida taʼkidlandi. Qayd etilganidek, jahon hamjamiyati afgʻonlar taqdiri, bu mamlakat kelajagi uchun maʼnaviy javobgarlikni oʻz zimmasiga olishi kerak.
Bu mamlakatning qayta izolyatsiya qilinishiga yoʻl qoʻymaslik, afgʻon xalqini mamlakatda tobora ogʻirlashib borayotgan gumanitar va ijtimoiy-iqtisodiy muammolar bilan yolgʻiz qoldirmaslik kerakligi bildirildi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring