Oʻzbekiston Prezidenti korporativ boshqaruv tizimini yanada takomillashtirish boʻyicha qonunni imzoladi

12:33 23 Yanvar 2023 Siyosat
1203 0

Foto: Illustrativ foto

Ushbu hujjat Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan 2022-yil 31-mayda qabul qilingan va Parlamentning yuqori palatasida 2022-yil 19-noyabr kuni maʼqullangan.

Endilikda kuzatuv kengashining mustaqil aʼzoligiga nomzodlar, agar jamiyat ustavida boshqacha qoida belgilanmagan boʻlsa, jamiyatning kuzatuv kengashi tomonidan, qoida tariqasida, aksiyadorlar umumiy yigʻilishi koʻrib chiqishi uchun tanlov asosida koʻrsatiladi.

Maʼlumot uchun: aksiyalari fond birjasining birja kotirovkasi varagʻiga kiritilgan jamiyatning, shuningdek, davlat ulushi 50%dan ortiq boʻlgan jamiyatning kuzatuv kengashi tarkibiga kamida bir nafar mustaqil aʼzo kiritilishi kerak.

AJ kuzatuv kengashining mustaqil aʼzosi sifatida saylanishni istisno qiluvchi holatlar kengaytirilmoqda. Quyidagilar kuzatuv kengashining mustaqil aʼzosi boʻlishi mumkin emas:

— soʻngi uch yil ichida jamiyatga va (yoki) jamiyatning affillangan shaxslariga auditorlik xizmatlarini koʻrsatgan auditorlik tashkilotining xodimi;

— ketma-ket olti yil davomida jamiyatning kuzatuv kengashi tarkibiga kirgan shaxs;

— jamiyatning ustavida yoki aksiyadorlar umumiy yigʻilishining qarorlari bilan tasdiqlangan hujjatlarda belgilangan talablarga muvofiq boʻlmagan shaxs.

Ilgari jamiyat kuzatuv kengashining mustaqil aʼzosi jamiyatning aksiyadori boʻlishiga taqiq boʻlgan boʻlsa, endilikda mustaqil aʼzo jamiyat ovoz beruvchi aksiyalarining 5 % dan koʻp boʻlmagan miqdorda egalik qilishi mumkin.

Jamiyat kuzatuv kengashi mustaqil aʼzosini belgilangan talablarga muvofiqligi oʻzgarganda, u jamiyatni va kuzatuv kengashini bu haqda ikki ish kuni ichida xabardor qiladi. Bu holda boshqa nomzod taklif etiladi.

Shuningdek, kuzatuv kengashida kamida bir nafar mustaqil aʼzosi boʻlishi lozimligi haqidagi talab davlat ulushi 50% dan ortiq boʻlgan MCHJlarga xam oʻrnatilmoqda.

AJ va MCHJ ijro etuvchi organlari javobgarligi aniqlashtirilmoqda: agar jamiyatning ijro etuvchi organi tomonidan yirik bitim yoki affillangan shaxslar bilan bitim tuzish tartibi buzilganligi natijasida jamiyatga zarar yetkazilgan boʻlsa va bunda jamiyat direktorining yoki ishonchli boshqaruv aʼzolarining yoxud ishonchli boshqaruvchining (MCHJda jamiyat direktorining yoki kollegial ijro etuvchi organning) aybi isbotlansa, jamiyatning qarzdorligini qoplash uchun uning mol-mulki yetarli boʻlmagan taqdirda jamiyatning majburiyatlari boʻyicha subsidiar javobgar boʻladi.

Hujjat Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 20.04.2023-yildan kuchga kiradi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер