Oʻzbekiston paxta sanoatini rivojlantirish sohasida Shveysariya xalqaro uyushmasi tajribasi tatbiq etiladi
Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov Shveysariyaning “Better Cotton Initiative” xalqaro uyushmasi vakillari bilan uchrashuv oʻtkazdi.
Hukumatning gov.uz portali maʼlumotiga koʻra, unda qishloq xoʻjaligi sohasidagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Xususan, “Better Cotton Initiative”ning global paxta ishlab chiqarish, paxta sanoatini rivojlantirish sohasidagi tajribasini Oʻzbekistonda tadbiq etish va mazkur sohada ikki tomonlama hamkorlikni oʻrnatish va kelgusida ilmiy tadqiqot institutlari olimlarining malaka oshirishi boʻyicha dasturlar ishlab chiqish masalalari xususida fikr almashildi.
Muzokaralar natijasida tomonlar samarali va konstruktiv hamkorlikning amaliy jihatlarini kelishib olishdi. Bu esa, respublikamizda agrar sohada koʻp qirrali hamkorlikni kengaytirish, paxta sanoatini yanada rivojlanishida tub burilish yasalishiga turtki boʻladi.
Shveysariyaning “Better Cotton Initiative” xalqaro uyushmasi 2009-yilda tashkil etilgan boʻlib, dunyoning 22 davlatida, jumladan, Oʻzbekistonda faoliyat yuritadi va dunyo boʻylab 2,8 milliondan ortiq fermerlar faoliyatini qoʻllab-quvvatlaydi. Xalqaro uyushma 2023-yil 30-may kuni Oʻzbekiston Adliya vazirligi tomonidan rasman roʻyxatga olingan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring