Oʻzbekiston Migratsiya xalqaro tashkilotiga aʼzo boʻldi
Illyustrativ foto
Migratsiya boʻyicha xalqaro tashkilot (MXT) - BMT Migratsiya agentligi Kengashining Jeneva shahrida ochilgan 109-sessiyasida ovoz berish natijasida Oʻzbekiston Respublikasining MXTga aʼzo boʻlish toʻgʻrisidagi murojaati qoʻllab-quvvatlandi.
“Mamlakatingiz jahonning eng qadimiy va eng gurkiragan savdo yoʻllari oʻtgan goʻshalaridan biridir, shu sabab hududingizdan musofirlar uzoq oʻtmishdan beri oʻtib kelishgan. Tashkilotning Bosh direktori sifatida bu mening ilk bor aʼzo davlatni qutlashimdir va boshqa aʼzolarni ham qutlash imkoniyati boʻlishiga umid qilaman“, deya gapirib oʻtdi MXTning yangi Bosh direktori Antonio Vitorino.
Oʻzbekistonning MXTga qoʻshilishi toʻgʻrisidagi masala Kengash sessiyasining kun tartibiga Oʻzbekiston hukumatining murojaatiga binoan kiritilgandi. Sessiya ishida mamlakat nomidan Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining oʻrinbosari Bahodir Nizomov ishtirok etmoqda. Oʻzbekiston Markaziy Osiyodagi eng koʻp aholiga ega mamlakat hisoblanadi va u MXTga mintaqadan qoʻshilgan soʻnggi davlat boʻldi.
“Migratsiya nuqtai nazaridan, mintaqa dunyodagi eng dinamik va tez surʼatlar bilan oʻzgarib borayotgan hudud hisoblanadi. Oʻzbekistonda koʻrganlarim va u yerda oʻrganganlarimga asosan shuni toʻliq ishonch bilan taʼkidlay olaman-ki, migratsiyani boshqarish borasidagi chaqiriqlarga javob berish va mavjud imkoniyatlardan unumli foydalanish boʻyicha MXT va Oʻzbekiston hukumati oʻrtasidagi hamkorlik sermahsul boʻladi. Bu esa umummilliy, mintaqaviy va global miqyoslarda cheksiz foyda keltiradi”, deydi Samarqand shahrida Inson huquqlari boʻyicha birinchi Osiyo forumida ishtirok etib qaytgan MXTning mintaqaviy direktoi Argentina Sabadosh.
Oʻtgan hafta Inson huquqlari boʻyicha Osiyo forumi doirasida, MXT tashabbusi bilan, migrantlarning huquqlarini himoya qilish Inson huquqlari boʻyicha Samarqand deklaratsiyasi matniga kiritildi. Unda, jumladan, shunday deyiladi: “Davlatlar barcha migrantlarning inson huquqlarini, ularning migratsiyaviy holatidan qatʼiy nazar hamda Barqaror taraqqiyot maqsadlariga muvofiq, hurmat qilinishini, himoya qilinishini va amalga oshirilishini taʼminlashga intilishi kerak”. “Oʻzbekiston bilan hamkorligimiz Oʻzbekiston va Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlaridan boʻlgan va odam savdosidan jabrlangan shaxslar hamda yordamga muhtoj migrantlarga yordam berish asnosida, 2003 yilda boshlangan. 2015yildan beri hamkorligimiz jadal surʼatlarda rivojlanib bordi, natijada shu kunga qadar ikkita Qoʻshma ish rejalari bajarildi va bu yil 2018-2019-yillarga moʻljallangan Hamkorlik yoʻl xaritasi Oʻzbekiston hukumati tomonidan tasdiqlandi“, deydi MXTning Markaziy Osiyo boʻyicha Submintaqaviy koordinatori, Missiya rahbari Deyan Keserovich.
Oʻzbekiston Respublikasi Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkmaniston va Afgʻoniston bilan chegaradoshdir. Deyarli 33 million aholiga ega ushbu mamlakat, mintaqadagi aholisi eng koʻp mamlakat boʻlishi barobarida, migrantlar kelib chiqish soni boʻyicha ham yetakchidir. Endilikda chegaralarning ochilishi munosabati bilan, u qoʻshni mamlakatlardan kelayotgan migrantlar uchun tranzit hududga ham aylanib bormoqda. Mamlakat iqtisodiyotining yuqori koʻrsatkichlarda oʻsib borayotgani natijasida, Oʻzbekiston migrantlar uchun manzil davlatga ham aylanishi mumkin.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring