Oʻzbekiston — MDH: Barqaror rivojlanish uchun zamin yaratildi

16:42 24 Dekabr 2020 Siyosat
2363 0

Joriy yilda Oʻzbekiston Respublikasi birinchi marta MDH raisligi vazifasini olgan edi. Qayd etish joiz, Oʻzbekistonning MDHga raisligi  muvaffaqiyatli amalga oshirildi va bu jamoatchilikda katta qiziqish uygʻotdi.

Ushbu natijalarni baholab, ishonch bilan aytish mumkinki, koʻplab mintaqaviy  va xalqaro tashkilotlar faoliyatini qiyinlashtirgan murakkab epidemiologik vaziyatga qaramay, Oʻzbekiston MDH doirasida juda sermahsul va samarali ishlarni amalga oshirdi. Oʻzbekiston raisligi davrida 60 ga yaqin koʻp tomonlama tadbirlar oʻtkazildi, 70 dan ortiq hujjatlar qabul qilindi. Jumladan, 2030-yilga moʻljallangan iqtisodiy rivojlanish strategiyasi, transport sohasidagi hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlari, turizm, sport va yoshlar siyosati sohasidagi hamkorlik strategiyalari qabul qilindi.

MDHga aʼzo davlatlar iqtisodiy hamkorligining 30 dan ortiq yoʻnalishlari boʻyicha 2030-yilgacha boʻlgan davrda MDH iqtisodiy rivojlanish strategiyasi qabul qilingani katta ahamiyat kasb etadi. Zero, Strategiya tatbiq etilishi natijasida milliy iqtisodiyotlarning raqobatbardoshliligi ortadi hamda Hamdoʻstlik davlatlari fuqarolarining farovonligi yana-da oshadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan ilgari surilgan dasturiy hujjat hamdoʻstlik doirasida umumiy transport maydonini shakllantirish, MDH davlatlarida transport koridorlari raqobatbardoshligini oshirish, ularning Yevropa va Osiyo transport tizimlariga integratsiyasini amalga oshirish boʻyicha siyosatni nazarda tutadi.

MDHda Oʻzbekiston raisligining eng muhim yutugʻi sifatida kelgusi oʻn yillikda MDHni yana-da rivojlantirish konsepsiyasining qabul qilinishi boʻldi. Ushbu hujjat siyosiy, iqtisodiy, gumanitar, madaniy va boshqa sohalarda hamkorlikning tashkiliy-huquqiy mexanizmlarini takomillashtirish va uzoq muddatli integratsiyalashgan iqtisodiy va siyosiy ittifoqni shakllantirish, har bir aʼzo davlatning samarali rivojlanishi uchun belgilangan chora-tadbirlarning amalga oshishiga olib keladi. Shuningdek, fuqarolarning farovonligini oshirish, jahon miqyosida siyosiy, ijtimoiy-madaniy va iqtisodiy jarayonlarning rivojlanishiga zamin yaratadi.

Bundan tashqari, Oʻzbekiston raisligi yilida 2021 — 2025-yillarda MDHga aʼzo davlatlar tashqi chegaralari xavfsizligini mustahkamlash, shuningdek, 2030-yilga aʼzo davlatlarning innovatsion hamkorligini rivojlantirish aʼzo davlatlar iqtisodiyotini mustahkamlashga olib keladi. Oʻrta va uzoq muddatga moʻljallangan vazifalar yuqorida qayd etilgan konseptual va dasturiy hujjatlarni ishlab chiqish va qabul qilish boʻyicha muvofiqlashtirish, MDHga aʼzo davlatlarning umumiy strategik manfaatlari va rivojlanish maqsadlarini teng, oʻzaro manfaatli va koʻp qirrali hamkorlikning yana-da kengayishiga olib keladi. Bu borada Oʻzbekiston Prezidenti tashabbuslari alohida dolzarblik kasb etadi. Davlatimiz rahbari oʻtgan yilning 18-dekabr kuni MDH davlatlar rahbarlari ishtirokidagi sammitda elektron tijoratni rivojlantirish boʻyicha Hamdoʻstlik yoʻl xaritasini qabul qilish, sanoat hamkorlik kompleks dasturi, mehnat migratsiyasi boʻyicha hamkorlik dasturlari, “MDH mamlakatlari sogʻliqni saqlash marafoni” kabi tashabbuslarni ilgari surgan edi. Qabul qilingan strategik va konseptual hujjatlarni amaliyotga tatbiq etishga qaratilgan ushbu tashabbuslarning amalga oshirilishi MDHga aʼzo davlatlarning ulkan salohiyatidan toʻliq foydalanish, koronavirus pandemiyasidan keyingi davrda Hamdoʻstlikda barqaror va progressiv rivojlanishni taʼminlash boʻyicha umumiy saʼy-harakatlarni mustahkamlash imkonini beradi.

Bu esa, oʻz navbatida, Hamdoʻstlikning koʻp tomonlama hamkorlikning samarali mexanizmi sifatida hayotiyligini, yangi voqelikka moslashishga tayyorligini va MDHga aʼzo davlatlar aholisining farovonligi, darajasi va hayot sifatini barqaror oshirishga boʻlgan umumiy istagini tasdiqlaydi.

Umuman, Oʻzbekiston Respublikasi Hamdoʻstlikdagi koʻp tomonlama hamkorlikni rivojlantirishda qatʼiy irodasini namoyon etdi hamda MDHdagi raisligi doirasida yuqori natijalarga erishdi. MDHga aʼzo davlatlarning saʼy-harakatlarini birlashtirish uchun barcha sohalarda amaliy hamkorlikni chuqurlashtirish, iqtisodiy va gumanitar hamkorlikni, barqaror rivojlanishni yangi bosqichga olib chiqdi.

Muhammad VALIYEV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining
Fan, taʼlim, madaniyat va sport
masalalari qoʻmitasi aʼzosi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер