Oʻzbekiston Indoneziyaga kimyoviy oʻgʻitlar eksportini kengaytiradi

17:36 24 Sentyabr 2020 Iqtisodiyot
1417 0

Illyustrativ foto

Indoneziya iqtisodiyoti jadal surʼatlarda rivojlanayotgan yirik mamlakatlardan biridir, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Indoneziya dunyoda guruch yetishtirish boʻyicha 3-oʻrinni, kofe yetishtirish boʻyicha 4-oʻrinni, choy yetishtirishda 8-oʻrinni, kauchuk ishlab chiqarishda 2-oʻrinni egallaydi.

Mamlakat tabiiy zaxiralarga ega boʻlmagani bois guruch, soya, makkajoʻxori, choy, kofe, banan yetishtirishda faol ishlatiladigan kaliyli oʻgʻitlarning yirik importchisi hisoblanadi. Xususan, yiliga oʻrtacha 4 million tonna kaliy xlor sotib olinadi. Ushbu bozorda oʻz mavqeiga ega boʻlish uchun dunyoning yirik ishlab chiqaruvchilari doimiy raqobat olib boradi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining eksportni rivojlantirish va iqtisodiy diplomatiya koʻlamini kengaytirish boʻyicha bergan topshiriqlari ijrosini taʼminlash maqsadida «Oʻzkimyosanoati» AJ va mamlakatimizning Jakartadagi elchixonasi hamkorligida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, Oʻzbekistondan Indoneziyaga 2019-yil 84 ming tonna kaliy xlor eksport qilingan boʻlsa, ushbu koʻrsatkich 2020-yilning 8 oyi mobaynida qariyb 70 ming tonnani tashkil etdi.

Koronavirus pandemiyasi tashqi savdo faoliyatiga salbiy taʼsir koʻrsatayotganiga qaramasdan mamlakatimizdan Indoneziyaga joriy yil oʻtgan yilga nisbatan 1,5 baravar koʻp, qariyb 130 ming tonna kaliy oʻgʻiti yetkazib berilishi rejalashtirilmoqda.

Shuni ham taʼkidlab lozimki, 2020-yilgacha Indoneziyaga kaliyli oʻgʻitlar xalqaro savdo kompaniyalari orqali yetkazib berilgan boʻlsa, joriy yildan ishlab chiqaruvchi kompaniyalar bilan umumiy qiymati qariyb 40 ming tonna mahsulot yetkazib berish boʻyicha 5 ta toʻgʻridan-toʻgʻri yirik shartnoma imzolandi.

Bundan tashqari, «Oʻzkimyosanoti» AJ kompaniyasi Indoneziyadagi yangi hamkor “Pupuk Indonesia” kompaniyasi tomonidan iyun oyida eʼlon qilingan 2020-yil uchun kaliyli oʻgʻitlar sotib olish boʻyicha davlat xaridi boʻyicha tenderda gʻolib, deb topildi.

“Pupuk Indonesia” har yili jami 750 ming tonna kaliy oʻgʻiti sotib olish boʻyicha 2-marta xalqaro tender eʼlon qiladi va ushbu kompaniya Janubi-Sharqiy Osiyoda yirik kimyoviy va mineral oʻgʻit ishlab chiqaruvchi kompaniyalardan biri hisoblanadi.

«Oʻzkimyosanoti» AJ ushbu tenderda Kanadaning “Canpotex International”, Rossiyaning «Uralkaliy», Belarusning «Belkaliy» hamda Xitoyning “Sino Agri International Potash Co., Ltd.” kabi yirik ishlab chiqaruvchilar orasida mahsulot yetkazib berish imkoniyatini qoʻlga kiritdi va “Pupuk Indonesia”ning taʼminlovchilar roʻyxatiga kiritildi.

Eksport qilingan mahsulotlarni Indoneziyada raqobatbardoshligini taʼminlash uchun Toshkent-Vladivostok (Rossiya)-Surabaya (Indoneziya) va Toshkent-Sindao (Xitoy)-Surabaya (Indoneziya) yoʻnalishlarida yuklarni yetkazish boʻyicha transport kompaniyalari bilan doimiy muzokaralar olib borilishi natijasida transport-logistika xarajatlari maqbullashtirib kelinmoqda.

Buning natijasida, bir yil avval bir tonna mahsulotni yetkazib berish uchun uchun 140-145 dollar xarajat qilingan boʻlsa, bugunga kelib ushbu koʻrsatkichni 1,7 baravarga qisqartirishga erishildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер