Oʻzbekiston elchisi Latviya Prezidentiga ishonch yorliqlarini topshirdi
Oʻzbekistonning Latviyadagi yangi elchisi Timur Rahmonov kecha Latviya Prezidenti Edgars Rinkevichsga ishonch yorliqlarini topshirdi.
Rasmiy marosim doirasida boʻlib oʻtgan suhbatda Oʻzbekiston va Latviya oʻrtasidagi hamkorlikning bugungi holati va uni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.
Latviya Prezidenti Riga va Toshkent oʻrtasidagi siyosiy muloqot hamda ikki tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorlik holatini yuqori baholadi. U 2023-yil oxiriga kelib Oʻzbekiston Latviyaning eng yirik savdo-iqtisodiy sheriklaridan biriga aylanganini taʼkidladi.
Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar yuksak baholanib, ularning natijalari Yevropa Ittifoqining barcha davlatlari tomonidan mamnuniyat bilan qabul qilinayotgani alohida qayd etildi.
Eslatib oʻtamiz, Timur Rahmonov 13-mart kuni Latviya poytaxtiga Oʻzbekistonning yangi elchisi sifatida yetib keldi. U mamlakatimizning Latviyadagi diplomatik missiyasi rahbari (2019–2024) hamda Litva (2021–2024), Estoniya (2020–2024) va Finlyandiyadagi (2020-2024) oʻrindoshlik asosidagi elchisi (qarorgohi Riga shahrida) sifatida akkreditatsiyadan oʻtgan Qadambay Sultonov oʻrniga tayinlangan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring