Oʻzbekiston elchisi AQSHning “FLEX” taʼlim dasturi ishtirokchilari bilan ochiq muloqot oʻtkazdi
Foto: “Xalq soʻzi”
Oʻzbekistonning AQSHdagi elchisi Javlon Vaxabov Amerika Qoʻshma Shtatlarida taʼlim olayotgan “Future Leaders Exchange” (FLEX) taʼlim dasturi ishtirokchilari bilan videokonferensiya orqali ochiq muloqot oʻtkazdi.
“FLEX” almashinuv dasturi ishtirokchilarga bir oʻquv yili davomida AQSH maktablarida taʼlim olish, oilaviy muhitda yashash, jamiyatning ijtimoiy hayotida faol ishtirok etish imkonini beradi. Dastur oʻz faoliyatini ilk bor 1993-yilda boshlagan va oʻtgan davr mobaynida 1 mingdan ortiq oʻzbekistonlik oʻquvchilar Amerika Qoʻshma Shtatlarida bilim olishgan.
2021-2022 oʻquv yilida Oʻzbekistonlik bir guruh oʻrta maktab oʻquvchilari maʼlum muddat tanaffusdan soʻng birinchi marta dastur doirasida Amerikaning turli shtatlarida taʼlim olishdi. 2022-yilning sentyabr oyida esa 35 nafar yuqori sinf oʻquvchilari AQSHning 21 ta shtatida joylashgan, xususan, Arizona, Ogayo, Oregon, Kaliforniya, Texas, Nyu-York, Kolorado, Nyu-Meksiko, Montana, Illinois, Minnesota, Gavai oʻrta maktablarida bir yil davomida taʼlim olish uchun tashrif buyurishdi.
Yoshlarimiz bilan oʻtgan suhbat avvalida elchi tomonidan mamlakatimizda ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar, xorijda taʼlim olishlari uchun yaratilgan keng imkoniyatlar, davlatimiz rahbari tomonidan har tomonlama barkamol va yuksak malakali kadrlar tayyorlashga qaratilayotgan alohida eʼtibor haqida maʼlumot berildi.
Shu bilan birga, diplomatik missiya faoliyati, keng qamrovli Oʻzbekiston-AQSH hamkorligi, jumladan, taʼlim va gumanitar sohadagi hamkorlikning bugungi holati va rivojlantirish istiqbollari haqida gapirib oʻtildi. AQSH va Oʻzbekiston universitetlari oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri sheriklikning natijalari, Qoʻshma Shtatlar bilan birgalikda amalga oshirilayotgan taʼlim dasturlari haqida aytib berildi. Bundan tashqari, hududlararo hamkorlik mustahkamlanayotgani, Oʻzbekiston va AQSH shaharlari, xususan Toshkent-Siyetl, Buxoro-Santa-Fe, Zarafshon-Klinton oʻrtasida qardosh aloqalar tashkil etilgani taʼkidlandi.
Oʻz navbatida AQSH davlat departamenti Janubiy va Markaziy Osiyo byurosi matbuot va xalq diplomatiyasi boshqarmasi boshligʻi Molli L. Stefenson barcha ishtirokchilarni yangi oʻquv yilini muvaffaqiyatli boshlab olganliklari bilan tabrikladi. Davlat departamenti xodimi oʻzi ham “FLEX” kabi almashinuv dasturida qatnashganini aytar ekan, Oʻzbekistonlik oʻquvchilar har qanday savol, taklif va gʻoyalari, yoki muammolar bilan toʻgʻridan-toʻgʻri murojaat etishlari mumkinligini aytdi. Shuningdek davlat departamenti masʼuli, Oʻzbekistonlik yoshlar oʻquv yili mobaynida nafaqat oʻz bilimlarini kengaytirishga, balki ikki tomonlama munosabatlarni chuqurlashishiga oʻz hissalarini qoʻshishlariga ishonchi komilligini aytdi.
Muloqot davomida “FLEX” almashinuv dasturi qatnashchilari AQSH maktablarida tashkil etilgan taʼlim jarayoni, yashash sharoitlari haqida soʻzlab berishdi. Shu oʻrinda, Michigan shtatida tahsil olayotgan Isayev Hamidulloning soʻzlariga koʻra “maktabdagi sharoitlar aʼlo darajada boʻlib, turli qoʻshimcha klublar va darslar tashkil etilgan. Bu juda koʻp yangi doʻstlar orttirish bilan birga bilim va tajriba almashish imkoniyatini ham taqdim etadi”.
Ishtirokchilar Amerika oʻrta maktablari haqidagi tasavvurlari haqida boʻlishishda davom etishar ekan, bu yerda turli sport toʻgaraklari borligi va ushbu toʻgaraklarda ular koʻplab yangi doʻstlar orttirganliklari haqida aytishdi. “Bu yerdagi oʻqituvchilarim va sinfdoshlarim juda samimiy va har doim yordam berishga harakat qilishadi. Hozirda maxsus voleybol sport guruhida qatnashmoqdaman” – deydi Montana shtati Terri shahridan Zaripova Moxitabon.
Kolorado shtati Larksper shahrida tahsil olayotgan Raimjonov Kudratillo esa «mening AQSH maktablari toʻgʻrisidagi barcha stereotiplarim notoʻgʻri boʻlib chiqdi. Oʻqituvchi va oʻquvchilar juda samimiy, mehribon va doim yordam berishga tayyor. Men bu yerda yangi bilimlarni oʻrganish va madaniyat almashish uchun koʻplab doʻstlar orttirdim» – deb taʼkidladi.
Koʻpchilik yoshlar oʻzlari istiqomat qilayotgan hududlarda ilk Oʻzbekistonlik boʻlganliklari tufayli, ular yangi doʻstlariga mamlakatimiz madaniyati, milliy urf-odatlari va anʼanalari, sanʼati, xususan milliy raqslarimiz va liboslarimiz haqida aytib, keng targʻib qilayotganliklarini taʼkidlashdi. «Men Blafton shahrida (Indiana shtati) har doim vatanimizni mahalliy Amerikaliklar orasida tanitish, uning jozibador xislatlarini va koʻrku tarovati haqida koʻproq gapirib berishga harakat qilaman. Men bu yerda birinchi oʻzbek boʻlganimdan faxrlanaman» – deydi Gaybullayeva Farangiz.
Shuningdek Oʻzbekistonlik yoshlar mezbon oilalardan ham juda mamnun ekanliklarini aytishdi. Ushbu oilalar mehmondoʻst va ochiq koʻngil boʻlib, bilim olish va mazmunli vaqt oʻtkazish uchun kerakli sharoitlar yaratishganini hamda doimiy ravishda turli ijtimoiy tadbirlarda qatnashishga koʻmaklashayotganliklarini taʼkidlashdi. «Bizni qabul qilgan oilalar - juda samimiy, ochiq va har doim sizga yordam berishga tayyor. Agar sizga yordam kerak boʻlmasa ham, ular sizning holatingiz, maktabdagi yutuqlaringiz bilan doim qiziqishadi» – deydi Texas shtati San-Antonio shahrida taʼlim olayotgan Azamat Erkinov.
Ochiq va doʻstona ruhda oʻtgan suhbat davomida oʻquvchilar oʻzlarini qiziqtirgan, oʻqish jarayoni va turli maishiy holatlar bilan bogʻliq savollar berishdi va ularga keng koʻlamli javoblar olishdi.
Onlayn muloqot yakunida Oʻzbekistonlik oʻquvchilar, Elchixona xodimlari va “FLEX” almashinuv dasturi koordinatorlari bilan toʻgʻridan-toʻgʻri aloqa oʻrnatildi va kelgusida bunday uchrashuvlarni doimiy ravishda tashkil etishga kelishib olindi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring