«O’zbekiston dunyoga ochilmoqda»

Rossiyaning nufuzli “Kommersant’” gazetasida chop etilgan maqola shunday nomlandi.
Maqola muallifi Kirill Krivosheev o’tgan haftalarda O’zbekistonda qator muhim voqealar bo’lganini qayd etdi.
Xususan, mamlakatimiz Oliy Majlisi Senati tomonidan “O’zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati to’g’risida”gi Qonun ma’qullanganini alohida ko’rsatib o’tgan. Jurnalist mazkur Qonun Prezident Shavkat Mirziyoevning 2018 yil 14 martdagi “O’zbekiston Respublikasining Davlat xavfsizligi tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi Farmoniga muvofiq ishlab chiqilganini bildirgan.
Yaqinda Toshkentda o’tkazilgan Afg’oniston bo’yicha yuqori darajadagi konferentsiya mamlakatning yangi imijini yaratish borasidagi muhim qadam sifatida e’tirof etiladi. O’zbekistonning qo’shni Afg’oniston bilan aloqalari so’nggi yillarda jadal rivojlanayotgani aytilar ekan, Kirill Krivosheev mazkur anjuman respublika uchun bu yo’nalishdagi ilk muvaffaqiyatlardan biri bo’lganini ta’kidlaydi.
Rasmiy Toshkent amal qilayotgan yangi yondashuvda Afg’oniston tahdidlar makoni emas, balki imkoniyatlar manbai sifatida qaralmoqda, deb yozadi muallif. Ushbu davlat Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun qulay tranzit hududi sifatida xizmat qilishi mumkin. O’zbekiston bu borada katta maqsadlar sari intilayotganini ma’lum qilib, “Kommersant’” muxbiri, jumladan, qo’shni davlat bilan o’zaro tovar ayirboshlash hajmini 3 milliard AQSh dollariga etkazish bo’yicha rejalarni yuqori baholaydi.
Keyingi vaqtlarda Markaziy Osiyo davlatlari o’rtasidagi aloqalar sezilarli darajada mustahkamlanib, ushbu jarayonning “harakatlantiruvchi kuchi” o’zbek diplomatiyasi amalga oshirayotgan jadal chora--tadbirlar ekanligi maqolada alohida ifodalanadi.
“Xususan, Tojikiston bilan munosabatlar asta-sekin tiklanmoqda. Avvaliga Shavkat Mirziyoev mamlakatlararo havo qatnovining yo’lga qo’yilishiga erishdi, so’ngra davlat chegaralari bo’yicha bahsli masalalar hal qilindi, keyin esa ikki mamlakat fuqarolari uchun vizalarni 30 kungacha bekor qilish borasida kelishuvlar imzolandi”, deya xabar beradi “Kommersant’” gazetasi.
Bir paytlar ancha murakkab ahvolga tushib qolgan O’zbekiston — Qirg’iziston aloqalari ham “yangi o’zan tomon yuzlandi”. Bu haqda fikr yuritar ekan, jurnalist yaqinda Farg’onada ikki davlat chegaradosh viloyatlari rahbarlari kengashining birinchi yig’ilishi o’tkazilganini mamnuniyat ila qayd etadi. Tomonlar ushbu yo’nalishda ulkan salohiyat mavjudligini anglagan holda, o’zaro hamkorlikni yo’lga qo’yish uchun shaxdam qadamlar bilan olg’a bormoqdalar.
“Markaziy Osiyo mamlakatlari o’rtasida shakllangan o’zaro ishonchsizlik tog’i qulamoqda”, deya ta’riflaydi Kirill Krivosheev va O’zbekiston ushbu jarayonda hal qiluvchi ahamiyat kasb etayotganini ta’kidlaydi.
Anvar MIRZAEV
«Xalq so’zi» tayyorladi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring