Oʻzbekiston chorvachilik uchun Belarusdan yer ijaraga oladi
Oʻzbekiston chorva mollarini yetishtirish uchun Belarusdan uzoq muddatli ijaraga yer oladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi.
Qashqadaryo viloyati delegatsiyasi Belarusga amaliy tashrif buyurdi, uning davomida uzoq muddatli strategik sheriklik uchun asoslar yaratildi.
Oʻzbekiston vakillari Vitebsk viloyatining bir qator tumanlarida, jumladan, Braslav, Shumilin va Postav tumanlarida chorvachilik majmualari va savdo obyektlari faoliyatini oʻrgandilar.
“Missiyaning eng muhim amaliy natijasi — “Asl Yuksalish Savdo”, “Muborak” qorakoʻlchilik korxonalari va Shumilin tumanida joylashgan “Sirotinskiy” chorvachilik fermasi oʻrtasida kelishuvga erishilgani boʻldi”, — deyiladi xabarda.
Kelishuvlarga koʻra, Oʻzbekiston tomoni 4 ming gektar ekin maydonini uzoq muddatli ijaraga olmoqda. Ushbu uchastka negizida keng koʻlamli loyihani ishga tushirish rejalashtirilgan boʻlib, uning birinchi bosqichida 1 ming bosh yirik shoxli qoramol yetishtiriladi.
Shuningdek, “Asl Yuksalish Savdo” korxonasi “Dobronom” YOAJ yirik savdo tarmogʻi bilan shartnoma imzoladi. Unga koʻra, Oʻzbekistondan Belarusga yiliga 60 ming tonna qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetkazib beriladi. Yetkazib beriladigan mahsulotlar turkumiga quritilgan mevalar, dukkakli ekinlar, shuningdek, poliz mahsulotlari va uzum kiradi.
Bundan tashqari, turistik oqimni faollashtirish maqsadida ikki mamlakat turizm biznesi vakillari uchun oʻzaro tanishuv safarlarini tashkil etishga qaror qilindi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring