Oʻzbekiston — BMT: inson huquqlari sohasida dadil qadam
Soʻnggi besh yil... Shu davr ichida Yangi Oʻzbekistonda inson, uning huquq va erkinliklariga boʻlgan qarash tubdan oʻzgardi. Xususan, mamlakatimiz tarixda birinchi marta BMT tizimidagi eng nufuzli hukumatlararo organlardan biri — Inson huquqlari boʻyicha kengash aʼzosi etib saylandi.
Hozirgi kunda mamlakatimizning inson huquqlari sohasidagi xalqaro tuzilmalar bilan yaqin sheriklik kengaymoqda, huquqni himoya qilish borasida hukumatga qarashli boʻlmagan tashkilotlar bilan amaliy muloqot yoʻlga qoʻyildi.
2020-yilda Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining Milliy strategiyasi qabul qilinib, mazkur hujjatda inson huquqlari va erkinliklarini taʼminlash boʻyicha izchil davlat siyosatini amalga oshirishning asosiy vazifalari va yoʻnalishlari belgilab berildi. Umuman, soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan tub islohotlar, orqaga qaytarib boʻlmaydigan mohiyat kasb etmoqda.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Inson huquqlari boʻyicha kengashning 46-sessiyasida ishtirok etishi va unda nutq soʻzlashi sessiyaning ahamiyatini yana-da oshirdi, desak mubolagʻa emas. Chunki yurtboshimiz «Oʻzbekiston Inson huquqlari boʻyicha kengash aʼzosi sifatida xalqaro huquqning inson huquqlariga oid umumeʼtirof etilgan prinsip va normalarini qatʼiy himoya qiladi va faol ilgari suradi», deya alohida taʼkidladi.
Shuningdek, inson huquqlari sohasida eng dolzarb boʻlgan muhim masalalarga toʻxtalib, qator tashabbuslarni ilgari surdi. Xususan, Inson huquqlari sohasida taʼlim deklaratsiyasining 10 yilligiga bagʻishlab Oliy komissar boshqarmasi bilan birga global forum oʻtkazish, Inson huquqlari boʻyicha kengash tomonidan Sudyalar kengashlari faoliyatining universal prinsiplarini ishlab chiqish taklifi oʻrtaga tashlandi.
Yana bir muhim jihat, yaqin-yaqingacha majburiy mehnat, bolalar mehnati masalasida koʻp jihatdan jiddiy tanqid eshitishimizga toʻgʻri keldi. Lekin oxirgi 4-5 yil ichida yurtimizda bolalar va majburiy mehnatga batamom chek qoʻyildi. Masalan, birgina 2020-yilning oʻzida mamlakatimizda odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish yoʻnalishidagi vazifalarni tartibga solish maqsadida 19 ta normativ-huquqiy hujjat qabul qilindi.
Anjumanda davlatimiz rahbari ushbu masalaga toʻxtalib, “Biz Xalqaro mehnat tashkiloti va Jahon banki bilan hamkorlikda majburiy mehnat va bolalar mehnatiga barham berish boʻyicha katta ishlarni amalga oshirdik. Bu islohotlarimizdagi eng asosiy yutuqlarimizdan biri boʻldi”, deb qayd etdi. Bu esa bolalar, ularning huquqlari va rivojlanishi Oʻzbekiston uchun hamisha ustuvor boʻlib qolaverishidan dalolatdir.
Ushbu tarixiy nutqda aytilgan yana bir muhim tashabbus haqida alohida toʻxtalish joiz. Bu Yoshlar huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiyani qabul qilish masalasidir. Ushbu taklif bejiz oʻrtaga tashlangani yoʻq. Sababi mamlakatimiz aholisining yarmidan koʻpini tashkil etadigan yoshlarning huquqlarini himoya qilish nafaqat ushbu mamlakat darajasida, balki global miqyosda ham muhim vazifadir.
Xulosa oʻrnida taʼkidlash joizki, Oʻzbekiston va Birlashgan Millatlar Tashkiloti hamkorligi keng qamrovli. Zotan, mamlakatimiz rahbarining mintaqada insonning asosiy huquq va erkinliklarini taʼminlash, majburiy mehnat va bolalar mehnatiga barham berish, qiynoqlarning oldini olish borasidagi tashabbuslari hayotda oʻz ifodasini topayotir.
Botirbek TOʻRAZODA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring