Oʻzbekiston-Belarus ishbilarmonlar kengashining birinchi yigʻilishi boʻlib oʻtdi
2021-yil 4-martda “International Hotel Tashkent” mehmonxonasida Oʻzbekiston-Belarus ishbilarmonlar kengashining birinchi yigʻilishi boʻlib oʻtdi.
Ushbu tadbirdan koʻzlangan asosiy maqsad, Oʻzbekiston va Belarus oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy va mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish hamda eksportbop mahsulotlar savdosini yana-da takomillashtirish hisoblanadi.
Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari, Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S. Umurzoqov, Belarus Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A. Subbotin, Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi raisi, Oʻzbekiston-Belarus ishbilarmonlar kengashining Oʻzbekiston tomonidan hamraisi A.Ikromov, Belarus Savdo-sanoat palatasi raisi, Oʻzbekiston-Belarus ishbilarmonlar kengashining Belarus tomoni hamraisi V. Ulovovich va masʼul vazirliklar va idoralardan vakillar, shuningdek, ikki mamlakat ishbilarmon doiralari vakillari ishtirok etishdi.
Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi A. Ikromov oʻz nutqi davomida soʻnggi yillarda ikki mamlakat ishbilarmon doiralari oʻrtasida savdo-iqtisodiy hamkorlik sezilarli darajada faollashganini taʼkidladi.
Shuni ham taʼkidlash joizki, ikki mamlakat Savdo-sanoat palatalari ham mamlakatlar oʻrtasidagi hamkorlikni kengaytirishga ulkan hissa qoʻshmoqda. Shuningdek, Palata raisi har ikki mamlakat Savdo-sanoat palatalari hududlararo kooperatsiya aloqalarini yoʻlga qoʻyish, sanoat kooperatsiyasini takomillashtirish, tovar va xizmatlarning oʻzaro savdosi uchun qulay sharoitlarni taʼminlash boʻyicha ishlarni davom ettirishlari zarurligiga eʼtibor qaratdi.
Shuningdek, savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlik mamlakatlar oʻrtasidagi ikki tomonlama munosabatlarning muhim tarkibiy qismidir. Belarus Respublikasi Oʻzbekistonning oʻnta asosiy savdo sheriklaridan biri hisoblanadi.

Uchrashuv davomida mazkur Ishbilarmonlar Kengashining harakatlar rejasini imzolash marosimi boʻlib oʻtdi. Bundan tashqari, ikki mamlakat ishbilarmon doiralarining “B2B” va “B2G” formatidagi uchrashuvlari tashkil etildi.
Ikki mamlakat vakillari oʻrtasida boʻlib oʻtgan uchrashuvlar doirasida Oʻzbekiston-Belarus savdo-iqtisodiy aloqalarini yana-da rivojlantirish va turli sohalarda oʻzaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi. Xususan, Oʻzbekiston va Belarus mamlakatlarida faoliyat yuritayotgan kompaniyalari oʻrtasida hamkorlik munosabatlarini rivojlantirish boʻyicha fikr almashildi.

Tashkil etilgan ochiq muloqotlar, istiqbolli loyihalar va kelishuvlarni ishlab chiqishni oʻz ichiga olgan oʻzaro manfaatli yoʻnalishlarni aniq belgilashga hamda Oʻzbekiston va Belarus ishbilarmon doiralari oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlikning samarali formatini yaratishga imkon berdi.
Oʻzbekiston-Belarus ishbilarmonlar kengashining birinchi yigʻilishidan soʻng, Oʻzbekiston Respublikasi va Belarus Respublikasi oʻrtasidagi ikki tomonlama hamkorlik boʻyicha qoʻshma hukumatlararo komissiyaning sakkizinchi yigʻilishi boʻlib oʻtdi.
Oʻzbekiston Respublikasi va Belarus Respublikasi oʻrtasidagi ikki tomonlama hamkorlik boʻyicha hukumatlararo komissiya yigʻilishi davomida savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlik, shuningdek qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat sanoati, mashinasozlik, yengil sanoat, tibbiyot va farmatsevtika, transport va logistika sohalari va boshqa sohalarda mutasaddi vakillarning nutqlari tinglandi.
Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi 2022-yilga moʻljallangan harakatlar rejasini toʻlaqonli amalga oshirishga tayyor ekanligini bildirib, kelgusida amaliy natijalarga erishilishiga ishonch bildirdi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring