Oʻzbekiston — AQSH:  Tibbiyot sohasida hamkorlik yangi bosqichga koʻtarilmoqda

07:10 31 May 2023 Siyosat
736 0

Oʻzbekiston Sogʻliqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov AQSHning mamlakatimizdagi Favqulodda va Muxtor elchisi Jonatan Xenik bilan uchrashuv oʻtkazdi.

Samimiy ruhda oʻtgan muloqot avvalida vazir boshchiligidagi delegatsiyaning yaqinda Qoʻshma Shtatlarga qilgan xizmat safari davomida erishilgan natijalar, tibbiyot yoʻnalishi boʻyicha imzolangan kelishuvlar haqida soʻz yuritildi.

Shuningdek, davlatlarimiz oʻrtasida sogʻliqni saqlash sohasidagi hamkorlik tobora mustahkamlanib borayotgani, birgalikdagi loyihalar yurtimiz tibbiyotini yanada rivojlantirishga xizmat qilayotgani alohida qayd etildi.

Ayniqsa, sil va oʻpka kasalliklarining oldini olish, tibbiyot muassasalarini maxsus uskunalar bilan jihozlash, gepatit B va S hamda boshqa yuqumli infeksiyalarga qarshi kurashish, sanitariya-epidemiologiya kabi qator yoʻnalishlar boʻyicha aloqalar yildan yilga kengaymoqda.

Muloqot davomida AQSH bilan hamkorlikda tibbiyot sohasida yangi loyihalarni moliyalashtirish yuzasidan oʻzaro fikr almashildi.

Xususan, yurtimizda farmakopeyani rivojlantirish va referens laboratoriyalarni tashkil etish boʻyicha grant mablagʻlari joriy yil Sogʻliqni saqlash vazirligi va AQSHning Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) oʻrtasida imzolanadigan maqsadli kelishuvlar doirasida ajratilishi aytib oʻtildi.

Shu bilan birga, AQSH Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazlari (CDC) bilan gepatit kasalligini kamaytirish, xastalikning A, V, S turlariga qarshi birgalikdagi harakatlarni koʻzda tutadigan loyihalarni moliyalashtirish va grant mablagʻlarini ajratishga ham kelishib olindi.

Qolaversa, uchrashuvda vazir A.Inoyatov va elchi J.Xenik oʻrtasida tibbiyot mutaxassislari malakasini oshirish, kadrlar almashish va tibbiy taʼlim sohasida grant mablagʻlarini ajratish istiqbollari atroflicha muhokama qilindi.

Yakunda shu yil yurtimizda Oʻzbekiston — AQSH xalqaro tibbiyot forumini oʻtkazish rejalashtirildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер