“Oʻzbekenergotaʼmir” AJ Xitoy kompaniyalari bilan manfaatli kelishuvlarga erishdi
“Oʻzbekenergotaʼmir” AJ Xitoy elektr energetika sanoatining yirik kompaniyalari boʻlgan State Grid, CNTIC va China XD bilan hamkorlikda mamlakatimizda elektr energetika tarmogʻini rivojlantirish boʻyicha bir qator kelishuvlarga erishdi.
Jumladan, Xitoyning jahonga mashhur State Grid korporatsiyasi tarkibidagi “China Electric Power Equipment and Technology Co” kompaniyasi bilan “Oʻzbekenergotaʼmir” AJ kelishuv doirasida yurtimizning bir qator hududlarida yuqori kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlarini qurish va modernizatsiya qilish, yangi podstansiyalar qurib foydalanishga topshirish ishlarini hamkorlikda olib borish belgilangan. Olib boriladigan ishlar natijasida, Oʻzbekistondagi yuqori kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlari tizimiga zamonaviy, shu bilan birga raqamli texnologiyalarni joriy etish, yangi ish oʻrinlarini yaratish imkoniyati vujudga keladi.
“China National Technical Import and Export Corporation” (CNTIC) kompaniyasi bilan erishilgan kelishuvlarga koʻra esa, Toshkent shahri aholisi va poytaxt iqtisodiyot tarmogʻi korxonalari uchun qoʻshimcha quvvatlar yaratiladi. Poytaxtimizni elektr va issiqlik energiyasiga boʻlgan talabini qondirish maqsadida Mirobod, Mirzo Ulugʻbek, Shayxontohur, Yunusobod, Yashnobod va Uchtepa tumanlarida yangi, zamonaviy va energosamarador kogeneratsion quvvatlar joriy etiladi.
Shuningdek, China XD Elektric Co., Ltd. konsernining Xian XD Electric Engineering Company Limited kompaniyasi “Oʻzbekenergotaʼmir” AJ bilan yurtimizdagi elektr stansiyalarni modernizatsiya va rekonstruksiya qilish uchun import oʻrnini bosuvchi yuqori samarador va zamonaviy energo qurilmalarni mahalliy sharoitlarda ishlab chiqarish boʻyicha kelishuvga erishildi.
Muzokaralarning yana bir muhim jihati “Oʻzbekenergotaʼmir” AJning yosh mutaxassislari va xodimlarining malakasini va kasbiy mahoratini oshirish masalasi boʻlib, ular xitoylik mutaxassislarni jalb qilgan holda qurilish va sozlash ishlarida ishtirok etadilar. Birgalikdagi saʼy-harakatlar orqali yoshlarimiz dunyoda tan olingan elektr qurilmalarni boshqarish va ular bilan ishlash boʻyicha bilim va tajribalarini oshirishadi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring