Ijtimoiy tarmoqda oʻzbek kinosi va estradasi yulduzlari yoʻlovchi poyezdning ichki sharoiti yomonligi, jumladan, sovitish tizimi ishlamayotganidan shikoyat qilgani tasvirlangan video tarqaldi. Mazkur holat boʻyicha “Oʻztemiryoʻlyoʻlovchi” AJ munosabat bildirdi.
“Hozirgi kunlarda mamlakatimiz hududi boʻylab kuzatilayotgan anomal issiq havo harorati tufayli ayrim vagonlarning sovitish tizimlarida nosozliklar kuzatilmoqda. Videolavhaga tushirilgan poyezdning yoʻl davomida havo harorati 40 darajadan yuqorilab ketgani sababli sovitish tizimining kompressor uskunasi ishlamay qolgan, natijada vagon sovitilmagan”, deyiladi munosabatda.
Qoʻshimcha qilinishicha, poyezd Toshkent Janubiy vokzaliga yetib kelganidan soʻng, unga qoʻshimcha qilib soz holatdagi vagon ulangan va yoʻlovchilar ushbu vagonga oʻtkazilgan. Biroq sanʼatkor va aktyorlar bu safar ham sharoitlardan 100 foiz mamnun boʻlmagan, jumladan, Alisher Uzoqov, biz konditsioneri oʻrta darajada boʻlsa ham ishlaydigan vagonga koʻchirildik, ammo poyezdda turistlar ham bor edi, uyalib ketdim, — deya holatga izoh bergan.
Iqlimshunos Erkin Abdulahatov esa yil boshidan buyon Oʻzbekistonda hali anomal issiqlik kuzatilmagani va “Oʻzgidromet” ham bu borada hali ogohlantirish xabari eʼlon qilmaganini bildirdi.
Unga koʻra, Hukumatning 2021-yil 6-avgustdagi 501-sonli qarori 4b-ilovasida Oʻzbekistonda qaysi payt anomal issiqlik yoki anomal sovuqlik kuzatilishi va bu kutilmalardan oldin “Oʻzgidromet” ogohlantirish xabari ishlab chiqishi boʻyicha aniq yozilgan jumlalar mavjud.
“Hukumat tuzilmalari hukumatning qaroridagi “anomal” soʻzidan kelib chiqib, rasmiy maʼlumotlarni berishlarini soʻrab qolgan boʻlardim. Hech yoʻq, oʻzlaring chiqargan qarorlarga amal qilinglar”, degan mutaxassis.
Voqealar fonida Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi bu holatlarni oʻrganish va aniqlik kiritish boʻyicha “Oʻztemiryoʻlyoʻlovchi” AJga tegishli tartibda soʻrov yuborganini maʼlum qildi.
Bunga ijtimoiy tarmoq faollarining yoʻlovchilar konditsionerli joy uchun toʻlov qilganiga qaramay 40 daraja issiq vagonlarda manziliga yetib borayotgani haqidagi tanqidiy postlari sabab boʻlgan.
“Hozirda Qoʻmita tomonidan bu kabi holatlar yuzasidan tegishli oʻrganish ishlari olib borilmoqda. Oʻrganish yakunlari yuzasidan qoʻshimcha axborot taqdim etiladi”, deyiladi xabarda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring