Oʻzbek tili bayrami kuni Samarqand viloyatida ham keng nishonlanmoqda
Foto: Xalq so‘zi
21-oktyabr – Oʻzbek tili bayrami kuni Samarqand viloyatida ham keng nishonlanmoqda.
Asosiy bayram tadbiri Samarqand shahrida Alisher Navoiy nomidagi istirohat bogʻida boʻlib oʻtdi. Unda viloyat va shahar hokimligi, Oʻzbekiston Yozuvchilar va Jurnalistlar uyushmalari viloyat boʻlimlari, oliy oʻquv yurtlari professor-oʻqituvchilari, talaba-yoshlar, xalq taʼlimi, maktabgacha taʼlim boshqarmalari, umumtaʼlim maktablari oʻqituvchi va oʻquvchilari, milliy madaniy markazlari, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda viloyat faollari, tilshunos va adabiyotshunos olimlar soʻzga chiqib, oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kunlarni yodga oldilar. Oʻtgan davrda, ayniqsa, soʻnggi yillarda oʻzbek tilining jahon maydonida nufuzini oshirish, yosh avlodni milliy qadriyatlarimizga sadoqat ruhida tarbiyalash, ularda dunyo tillarini oʻrganish barobarida ona tilini eʼzozlash hissini yuksaltirish yoʻlida qilinayotgan keng qamrovli ishlar alohida taʼkidlandi. Talabalar va oʻquvchilar til, Vatan, tinchlikni ulugʻlovchi sheʼrlar oʻqidi.
Shundan soʻng Alisher Navoiy hayoti va ijodiga bagʻishlangan Samarqand musiqali drama teatri aktyorlarining teatrlashtirilgan sahna koʻrinishi namoyish etildi. Buyuk mutafakkir shoir siymosiga hurmat bajo keltirilib, uning haykali poyiga gullar qoʻyildi.
Tadbir Yoshlar markazida Oʻzbek tili bayrami kuni munosabati bilan konsert dasturiga ulanib ketdi.
Bayram tantanalari viloyatdagi barcha tashkilotlar, taʼlim muassasalarida davom etmoqda.
Abdulaziz Yoʻldoshev, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring