Oʻzbek diplomatlari Hindiston Savdo va sanoat vazirligida uchrashuv oʻtkazdi
Oʻzbekiston elchixonasi xodimlari Hindiston Savdo va sanoat vazirligida muzokaralar oʻtkazdi.
Muloqot chogʻida Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar, xorijiy davlatlar ishbilarmon doiralari vakillari bilan yoʻlga qoʻyilgan hamkorlik loyihalari, investitsiyaviy faoliyat uchun yaratilgan qulay muhit, taqdim etilayotgan imtiyozlar va preferensiyalar, respublikamiz sanoat va eksport salohiyati haqida batafsil maʼlumot taqdim etildi.
Oʻzbekiston farmatsevtika, toʻqimachilik, charm-poyabzal sanoati, axborot texnologiyalari, sogʻliqni saqlash, taʼlim va boshqa sohalarda Hindiston texnologiyalari, innovatsion yechimlari, sarmoyalari, bilim va koʻnikmalarini jalb qilishdan manfaatdorligi taʼkidlandi, ushbu yoʻnalishdagi munosabatlarni yanada faollashtirish istiqbollari urgʻulandi.
Hindiston Savdo va sanoat vazirligi bosh boshqarmasi boshligʻi Manish Chadha oʻzaro savdo aylanmasi hajmi yildan yilga oʻsayotganiga qaramasdan, hali foydalanilmagan salohiyat ulkanligini qayd etdi. Shu bois Dehli ikki mamlakat oʻrtasidagi tovarlar harakatini jonlantirish, jumladan, Oʻzbekistonda yetishtiriladigan meva-sabzavotlar va quritilgan mevalar, ishlab chiqariladigan mineral oʻgʻitlar, ipak, charm-poyabzal va boshqa sanoat mahsulotlarini hind bozoriga izchil kirib kelishi boʻyicha chora-tadbirlar koʻrayotganini maʼlum qildi.
Uchrashuv doirasida Oʻzbekiston-Hindiston Savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnik hamkorlik boʻyicha hukumatlararo komissiyasining navbatdagi yigʻilishini oʻtkazish bilan bogʻliq tashkiliy masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring