Oʻzaro manfaatli hamkorlik

19:04 10 Iyul 2024 Jamiyat
379 0

Gʻayrat Otajonov/“Xalq soʻzi”. Fransiya taraqqiyot agentligining Toshkentdagi vakolatxonasi direktori Vinsent Kapen rahbarligidagi delegatsiya vakillari Qoraqalpogʻistonga tashrif buyurdi. Delegatsiya vakillari dastlab Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi Ф.Эрманов qabulida boʻlishdi.

Uchrashuvda Fransiya taraqqiyot agentligi va Yevropa investitsiya banki ishtirokida amalga oshirilishi kutilayotgan Qoʻshma dastur doirasidagi loyihalar boʻyicha fikr almashildi.

Kunning ikkinchi yarmida delegatsiya vakillari Qoraqalpogʻiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligida boʻlib, “Suyenli” magistral kanalini modernizatsiya qilish” loyihasi boʻyicha tayyorlanayotgan dastlabki texnik-iqtisodiy asosining taqdimoti oʻtkazildi.

— Taqdimotda loyihaning texnik-iqtisodiy asosini ishlab chiqish yuzasidan ikki tarafning takliflari bildirildi, — deydi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirining oʻrinbosari Tajetdin Madireymov. — Oʻtgan yillar davomida hududga kelgan suv miqdorlari va fermer xoʻjaliklari dalasigacha suv yoʻqotishlarning hisobi boʻyicha maʼlumot berildi. Hozirgi kunda kanalga kelib turgan suvning atigi 45 foizi dalaga yetib borayotgan boʻlsa, “Suyenli” kanalini betonlash natijasida suvning 90 foizdan ortiq miqdori dalagacha yetib borishi boʻyicha fikrlar tinglandi.

Tadbirda suv resurslaridan samarali va oqilona foydalanish, degradatsiyaga uchragan yerlarni qayta tiklash, kanal boʻyida infratuzilmani yaxshilash borasida erishiladigan natijalar haqida maʼlumot berildi. Shuningdek, kanallar betonlangach iqtisod boʻlgan suv resurslarini tabiiy koʻllarga yoʻnaltirish orqali ekotizimni yaxshilashga qaratish zarurligi koʻrsatib oʻtildi.

Fransiya taraqqiyot agentligi vakillari Qoraqalpogʻistonga tashrifi doirasida Qoraqalpogʻiston Respublikasi qishloq xoʻjaligi vazirligi va Oʻrmon xoʻjaligi qoʻmitasi va boshqa bir qator tashkilotlar vakillari bilan uchrashib Qoʻshma dastur loyihalari boʻyicha amalga oshiriladigan muhim vazifalar muhokama etildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер