Oʻz hududida daraxt kesilishiga yoʻl qoʻygan oʻrmon xoʻjaligi xodimlari javobgarlikka tortildi
Foto: Ekologiya vazirligi matbuot xizmati
Surxondaryo viloyati Ekologiya boshqarmasi Boysun tuman boʻlimiga archa daraxtlari noqonuniy tarzda kesilganligi haqida xabar kelib tushdi.
Xabarga koʻra, Boysun davlat oʻrmon xoʻjaligi "Xomkon” boʻlimida oʻrganish ishlari olib borildi. Natijada xodimlarning oʻz ishiga sovuqqon munosabatda boʻlganligi natijasida 4 tup oʻsuvchanligini yoʻqotmagan va 2 tup oʻsuvchanligini yoʻqotgan “Zarafshon” archalari tag qismidan kesilganligi maʻlum boʻldi. Shuningdek, 43 tup archa daraxtlarining yon shoxlari kesilib, shikast yetkazilgan. Bu haqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi axborot xizmati xabar berdi.
Holat yuzasidan “Xomkon” boʻlimi boshligʻi hamda 3 nafar xodimga MJtKning 95-moddasi 1-qismiga binoan maʻmuriy bayonnoma rasmiylashtirildi. Boʻlim boshligʻi BHMning 5 barobari, xodimlar esa 3 barobari miqdorida jarimaga tortildi.
Shuningdek, huquqbuzarlik natijasida tabiatga 21 million 583 ming soʻm zarar yetkazilgani aniqlandi. Huquqbuzarlarga oʻzlariga tayinlangan jarima hamda zararni toʻlashlari belgilandi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring