Oʻtkan kunlar: toshkentlik chorraha qirolichasi

10:45 17 May 2020 Jamiyat
1905 0

Bir vaqtlar poytaxtda sinov tariqasida yoʻllarda tartibni nazorat qiladigan ayollar boʻlinmasi tashkil etilgan edi. Ayollar zarur koʻnikmalarni tezda oʻzlashtirib, markaziy koʻchalardagi harakatni tartibga solishni boshladilar. Ular orasida kichik serjant Nigora Joʻraboyeva ham bor edi. Yosh va isteʼdodli Nigora maktab davridanoq ushbu kasbga katta qiziqish bildirib, “Svetofor“ viktorinalarida faol ishtirok etardi.

Boʻlajak chorraha qirolichasi 1956-yilda Toshkent viloyatida oddiy oilada tavallud topgan. Ota-onasining qarshiligiga qaramasdan, Nigora ichki ishlar organlarida xizmat qilishga qatʼiy qaror qildi. Maktabni bitirgach, u bir muddat Toshkent viloyati Chinoz tumanidagi oʻt oʻchiruvchilarning ixtiyoriy jamiyatida instruktor boʻlib ishladi, 1976-yilning iyul oyida esa ichki ishlar organlarida – Toshkent shahar IIB davlat yoʻl harakati politsiyasi boʻlimining 1-son yoʻl inspeksiyasining alohida boʻlimi inspektori sifatida ish boshladi.

Nigora Toshkent ichki ishlar organlari maktabini yakunlab, 1991-yilda hozirgi Oʻzbekiston Milliy universitetining huquqshunoslik fakultetini muvaffaqiyatli tugatgan. Uning doʻstona tashqi koʻrinishi, odamlar bilan muloqot qilish qobiliyati, tartibsizliklarga murosasiz munosabati, qatʼiy qarorlar qabul qilishi Toshkent aholisi va rahbariyat eʼtiborini tortdi. Xizmat davomida Joʻraboyeva bir necha bor Ichki ishlar vazirligi va mamlakat rahbariyati tomonidan ragʻbatlantirilgan.

Shahar yoʻllaridan tartibni nazorat qilib turgan xodimani koʻrgan haydovchilar yoʻl qoidalarini qasddan buzib, yoʻl-patrul xizmati xodimasi boʻlgan Nigora bilan gaplashmoqchi boʻlishardi. Koʻplab gazetalarda ayollar boʻlimining paydo boʻlishi haqida yozilganiga va koʻpchilik buni bilishiga qaramasdan, haydovchilar uchun uni oʻz koʻzi bilan koʻrish butunlay boshqacha tuyulardi.

- U paytlarda ishlash oson emas edi, hozirgi texnikalar yoʻq edi. Uyga oʻzimiz yetib olar edik, – deb eslaydi Nigora Abdurahmonovna. – Bugun esa kasbiy rivojlanishimda menga yordam bergan ustozlarimni iliqlik bilan yodga olaman. Xizmatimning boshida Alijon Alashev va Abdumalik Yoʻldoshev kabi ustozlar ayollar boʻlinmasini boshqarganlar. Ular menga kerakli tavsiyalar berib, kasb sirlarini oʻrgatar edilar.

Poytaxt Ichki ishlar boshqarmasining davlat yoʻl harakati inspeksiyasi boʻlimiga Respublika IIV DAI jamoat tartibini saqlash politsiyasi inspektori sifatida xizmatga kirgan Nigora Abdurahmonovna 27 yil faoliyat yuritdi. Keyinchalik u yana bir necha yil davomida Axborot markazida inspektor lavozimida ishladi. Bu ajoyib ayolning xizmatlariga munosib baho berildi: 2009-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoniga binoan u “Sodiq xizmatlari uchun“ medali bilan taqdirlandi. Ichki ishlar organlaridagi 36 yillik xizmatidan soʻng, Nigora Joʻraboyeva podpolkovnik unvonida isteʼfoga chiqdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер