Oʻtgan yili Navoiy viloyatida har oltinchi oʻgʻirlik jinoyati ochilmay qolgan
Temur ESHBOYEV/“Xalq soʻzi”. Navoiy viloyati Ichki ishlar boshqarmasi tomonidan 2024-yil sarhisobi va joriy yildagi ustuvor vazifalarga bagʻishlangan matbuot anjumani oʻtkazildi. Unda ishlar tizimidagi islohotlar, jinoyatchilikka qarshi kurash va huquqbuzarliklarning oldini olish borasida viloyatda amalga oshirilgan ishlar hamda belgilangan chora-tadbirlar haqida maʼlumotlar berildi. Xususan, oʻtgan yili sodir boʻlgan 311 ta oʻgʻrilikning 53 tasi ochilmay qolgani oʻta noxush holat ekanligi qayd etildi.
— Fuqarolarimizning soddaligidan oʻgʻri va firibgarlar ustalik bilan foydalanayotgani kuzatilmoqda, — deydi viloyat IIB boshligʻi oʻrinbosari Zohidjon Qayumov. — Aksariyat holatlarda yurtdoshlarimiz firibgarlarning vaʼdalariga uchib “chuv” tushib qolishmoqda. Misol uchun, Uchquduq shahrida istiqomat qiluvchi pensioner fuqaro firibgarlarga oʻzining shaxsiy maʼlumotlarini qoʻshqoʻllab topshirishi oqibatida 70 million soʻm kreditga tushib turibdi.
Fosh etilmay qolgan oʻgʻrilik holatlariga kelsak, ularning asosiy qismi choʻl va togʻli hududlarda aholi tomonidan chorva mollarining qarovsiz qoldirilishi oqibatida roʻy bermoqda. Yaʼni fuqaro oʻz chorva molini qachon yoʻqolganligi yoki qaysi hududdan yoʻqolganligini bilmaydi. Bu tabiiyki, surishtiruv va qidiruv ishlarida muayyan qiyinchiliklar tugʻdirmoqda.
Matbuot anjumanida viloyat IIB Jamoat xavfsizligi xizmati Yoʻl harakati boshqarmasining ham 2024-yil hisoboti tinglandi. Taʼkidlandiki, viloyatda oʻlim bilan bogʻliq yoʻl-transport hodisalari soni hisobot davrida biroz kamayishiga erishilgan boʻlsada, halokat ehtimoliga bepisand qarash holatlari hamon uchrab turibdi. Misol uchun, oʻtgan yili piyodani transport vositasida urib yuborish holatlari 80-marta qayd etilgan boʻlsa, shularning 53 tasi trotuarda sodir etilgan. Shuningdek, transport vositalarining toʻqnashuvi umumiy YTHlarining 36,7 foizini tashkil etib, 15 tasi qarama-qarshi yoʻnalishlarga chiqish oqibatida kelib chiqqan.
Matbuot anjumanida jurnalistlar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob olishdi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring