Oʻtgan yilda «Oʻzagrosugʻurta» AJ tomonidan 4 400 ta daʼvo arizasi boʻyicha 43.3 mlrd soʻmdan ortiq sugʻurta tovoni toʻlab berildi
Foto: «Xalq soʻzi»
Bu haqda AOKAda oʻtkazilgan brifingda aksionerlik jamiyati axborot xizmati rahbari Shuhrat Qobilov maʼlum qildi.
Oʻzbekistonda sugʻurta bozorining yetakchilaridan biri “Oʻzagrosugʻurta” AJ isteʼmolchilar talab va takliflaridan kelib chiqib sugʻurta xizmatlarini taklif etishga, har bir murojaat mazmun-mohiyatini jiddiy tahlil qilish orqali Jamiyat tizimida ochiqlik va shaffoflikni taʼminlashga xizmat koʻrsatishning bosh mezoni sifatida chuqur eʼtibor qaratmoqda.
“Oʻzagrosugʻurta” AJ tomonidan 2022-yil davomida sugʻurtaning ijtimoiy ahamiyatidan kelib chiqib, aholiga qulaylik yaratish, koʻrsatilayotgan xizmatlar sifatini zamon talablariga moslashtirish maqsadida tizimda axborot kommunikatsiya texnologiyalari keng joriy etildi. Xususan, mijozlar uchun 20 ta sugʻurta turlari boʻyicha “Ye-polis” sotib olish imkoniyati yaratildi. Bu onlayn polis savdosi boʻyicha bozordagi eng yaxshi koʻrsatkich demakdir.
Endi bevosita murojaatlarga toʻxtaladigan boʻlsak, 2022-yil oʻtgan davrida fuqarolarimizdan jami 4169 ta murojaat kelib tushdi. Ularning qariyb 90 foizi mazmunan sugʻurta qoplamasini toʻlab berish bilan bogʻliq.
Hisobot davrida “Oʻzagrosugʻurta” AJga kelib tushgan murojaatlardan 3321 tasi qanoatlantirildi, 787 tasi yuzasidan tegishli tushuntirishlar berilgan. Shundan 15 ta murojaat tegishligi boʻyicha boshqa tashkilotlarga yoʻnaltirilgan boʻlsa, yana 46 ta murojaat qonun doirasida emasligi sababli koʻrib chiqish rad etilgan.
Qayd etish lozimki, oʻtgan yilda kompaniyamiz tomonidan mijozlarga jami 4 400 ta daʼvo arizasi boʻyicha 43.3 mlrd soʻmdan ortiq sugʻurta tovonlari toʻlab berildi. Shuningdek, sugʻurta hodisasi tasdiqlanmaganligi tufayli 97 ta murojaat rad etilgan.
“Oʻzagrosugʻurta” AJ tomonidan 2022-yil oʻtgan davri mobaynida sugʻurtalanuvchilarga toʻlab berilgan toʻlovlar asosan quyidagi sugʻurta turlari kesimida amalga oshirildi:
1. Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurtalashda 982 ta murojaat yuzasidan 8 milliard 280 million soʻm;
2. Ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurtalash sugʻurta turi boʻyicha jami 86 ta holatda 8 milliard 754 million soʻm;
3. Qishloq xoʻjaligi ekinlari hosilini ixtiyoriy sugʻurtalash boʻyicha 42 ta murojaat yuzasidan 2 mlrd 854 million soʻm;
4. Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun ajratilgan kreditlar qaytarilmasligi sugʻurtasi boʻyicha 386 ta murojaat yuzasidan 4 mlrd 562 million soʻm;
5. Eksport shartnomalarini tijorat va siyosiy risklardan kompleks sugʻurtalash sugʻurta turi boʻyicha 9 mlrd 215 million soʻm;
6. Shuningdek, 2 903 ta holatda yana 9 mlrd 626 mln soʻmlik sugʻurta qoplamalari boshqa sugʻurta turlari boʻyicha mijozlarga toʻlab berilgan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring