OTB va YUNISEF Oʻzbekistonga 952 ming dollarlik tibbiy vositalarni yetkazib berdi
Osiyo taraqqiyot banki (OTB) va Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bolalar jamgʻarmasi (YUNISEF) Oʻzbekiston Sogʻliqni saqlash vazirligiga 952 ming dollarlik tibbiy vositalarni yetkazib berdi. Bu haqda “Dunyo” AA xabar berdi.
YUNISEF OTBning moliyaviy koʻmagida COVID-19 bilan kasallanganlarga tibbiy xizmat koʻrsatadigan sogʻliqni saqlash xodimlari uchun shaxsiy himoya vositalarini xarid qildi. Xususan, koʻmak doirasida 71 ming 100 ta kombinezon, 8 ming juft baxila, shuningdek, laboratoriya tekshiruvlarini tez va sifatli oʻtkazish imkonini beruvchi “RNA Mini” toʻplamlari taqdim etildi.
– Oʻzbekistonda COVID-19 bilan bogʻliq vaziyat yaxshilanib bormoqda. Ammo ushbu infeksiyaning aholi orasida tarqalish darajasi yuqori boʻlgani bois ehtiyotkorlik talab etiladi, – dedi OTBning Oʻzbekistondagi doimiy vakolatxonasi direktori Sindi Malvichini xonim. – Koronavirusga qarshi kurashda avvalo kasallik bilan bevosita kurashayotgan sogʻliqni saqlash sohasi xodimlarini himoya qilishimiz zarur. YUNISEF bilan hamkorlikda sotib olingan shaxsiy himoya vositalari tibbiyot xodimlarining kasallanganlar bilan muloqot chogʻida xavfsizligini taʼminlash imkonini beradi. OTB Oʻzbekistonda COVID-19 pandemiyasini yengishga qaratilgan saʼy-harakatlarni qoʻllab-quvvatlashda davom etadi.
Yetkazib berilgan barcha tibbiy uskuna va shaxsiy himoya vositalari Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan Oʻzbekistonda hududlar kesimida taqsimlanadi.
YUNISEFning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari Munir Mamedzadening qayd etishicha, tibbiy himoya vositalari, test toʻplamlari va zarur dori-darmonlar kasallik tarqalishini nazorat qilishda hamda sogʻliqni saqlash sohasi xizmatlari uzluksizligini taʼminlashda muhim ahamiyatga ega. YUNISEF tibbiy buyumlarni sotib olish va yetkazib berish tizimini yana-da takomillashtirishda Oʻzbekiston Sogʻliqni saqlash vazirligiga koʻmakdosh boʻlishga tayyor.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring