Ota boʻlish oson, otalik qilish qiyin
Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi Navoiy viloyati boshqarmasi va uning hududiy boʻlimlari tomonidan aliment masalasi chuqur oʻrganilib, muammo ijobiy hal etilmoqda. Yaqinda shu masala yuzasidan Jinoyat ishlari boʻyicha Navoiy shahar sudining sayyor ochiq sud majlisi oʻtkazildi.
Unda uzoq vaqtdan buyon aliment toʻlashdan boʻyin tovlab kelayotgan 13 nafar otaning maʼmuriy javobgarligi masalasi koʻrib chiqildi.
— Bittagina farzandimiz bor, — deydi sud majlisida jabrlanuvchi sifatida ishtirok etgan ayollardan biri. – Uning otasi toʻrt oydan buyon aliment toʻlamay kelayotgan edi. Bugungi sud majlisi arafasida qarzni toʻlab, sud majlisida biz yarashdik. Farzandni otasiz oʻstirish naqadar qiyin ekanini oʻtgan davrda chuqur his qildim. Oilaning toʻkis boʻlishiga ne yetsin.
Taʼkidlash joiz, byuroning viloyat boshqarmasiga yil boshidan buyon aliment masalasida fuqarolardan kelib tushgan murojaatlarning 97 foizi ijrochilarning saʼy-harakati bilan ijobiy hal etilgan.
— Biroq joriy yil boshidan buyon ikki oy va undan ortiq davr mobaynida qasddan aliment toʻlamay kelayotgan 50 nafar fuqaroga nisbatan maʼmuriy ishlar qoʻzgʻatilib, ularning 42 nafariga nisbatan sudlar tomonidan 15 sutkalik maʼmuriy qamoq jazosi tayinlandi, — deydi boshqarma ijrochisi Baxtjon Shopoʻlatov. – Sakkiz nafar fuqaro, yaʼni sakkiz oilani mana shu sud jarayonlarida yarashtirishga erishdik.
Bevosita Navoiy shahridagi ochiq sayyor sudga qaytadigan boʻlsak, uning qarori bilan 6 nafar aliment toʻlovchiga nisbatan 15 sutkalik maʼmuriy qamoq jazosi tayinlanib, 5 oila yarashtirildi. Shuningdek, ayni vaqtda ishsiz boʻlgan ikki nafar aliment toʻlovchining bandligini taʼminlash boʻyicha mutasaddi idoralarga topshiriqlar berildi.
Xulosa oʻrnida taʼkidlash joiz, Aliment masalasidagi sud jarayonlari qarz summasining koʻp-ozligi yoki otaning maʼmuriy yoxud jinoiy javobgarlikka tortilganida emas, balki uning farzandlarini moddiy jihatdan taʼminlashga majburligini nechogʻlik anglab yetganligidadir. Shu sabab xayolimizdan toʻlashdan boʻyin tovlagan otalar jazodan qochib yarashish yoʻlini tanlagan boʻlmasin, ishqilib, degan fikr kechadi. Xalqimiz esa ota boʻlish oson, otalik qilish qiyin, deb bejiz aytmagan.
Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring