Osoyishtalik mevasi
— Besh yillik harbiy xizmatimning uch yili janglarda kechdi, — deydi Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Rahim bobo Ergashev. — Shu davr ichida uydan uchta xat oldim. Bugun umrimda yana shunday qutlug‘ maktublardan biri qo‘limga tegdi. Prezidentimizning maktubi kuchimga kuch, ko‘zlarimga nur bag‘ishladi.
Rahim bobo mamlakatimiz rahbarining otaxonga yo‘llagan tabrik maktubini qo‘liga oladi. Uni va 5 million so‘m miqdoridagi bir martalik pul mukofotini hozirgina viloyat hokimi tantanali ravishda topshirib, qo‘liga oltin soatni taqib qo‘ydi. Shuningdek, davlatimiz rahbarining 16 apreldagi “Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag‘batlantirish to‘g‘risida”gi Farmoni asosida taqdim etilgan Yalta va Kislovodsk shaharlaridagi “O‘zbekiston” hamda respublikamiz hududidagi sanatoriylardan birida bir nafar kuzatuvchi hamrohligida bepul dam olish imkoniyati bo‘yicha otaxonning qarori bilan qiziqdilar.
— O‘zimizdagi sanatoriyga bormoqchiman, — deydi Rahim bobo. — Karmanada kombinatimizning ajoyib sihatgohi bor. Qurilishida o‘zim qatnashganman. Nasib etsa, kunlar yana bir oz isisin, niyat qilib turibmiz.
Otaxon asli Karmananing Arg‘un mahallasidan. Bugun Navoiy shahrida Navoiy davlat konchilik institutining yangidan qurilgan binosi ortida kun sayin kengayib borayotgan mavzeda istiqomat qiladi.
— 1942 yil Karmanadan ellik yigit jo‘nadik, — deya eslaydi otaxon. Qosim Shayxdan to vokzalgacha, mana shu yerlar ham yantoqzor, ochiq yalanglik edi. Tosh yo‘ldan stansiyagacha piyoda kelganmiz. Shu ketgan ellik yigitdan 24 nafarimiz qaytdik. Safdoshlarimning asosiy qismi Kursk ostonasidagi janglarda halok bo‘ldi. Hozir ikki kishi qolganmiz. Ming shukr, mana shu kunlarga yetdik.
Xizmatdan qaytgach, Rahim Ergashev quruvchi bo‘lib ishladi. Navoiy shahridagi ko‘plab bino va inshootlarning qurilishlarida ishtirok etdi. Ikki o‘g‘il va ikki qizni voyaga yetkazib, uyli-joyli qildi. Tabiiyki, bularning barchasi — tinchlik va osoyishtalikning mevasi. Uni ta’minlashda bevosita qatnashgani, fidoyilik ko‘rsatgani, hissa qo‘shgani va muhimi, bugun bu jasorati munosib e’zozlanayotganidan benihoya mamnun.
Temur ESHBOYEV,
«Xalq so‘zi» muxbiri.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring