Osiyo chempionilari yurtimizga gʻalaba bilan qaytdi
Filippin davlati Tagaytay shahrida para velosportning trek yoʻnalishi boʻyicha oʻtkazilgan Osiyo chempionatida Oʻzbekiston terma jamoasi aʼzolari yuksak natijalarni qayd etdi. Nufuzli musobaqada yurtdoshlarimiz 12 ta oltin, 10 ta kumush va 7 ta bronza medalini qoʻlga kiritib, umumjamoa hisobida 1-oʻrinni egalladi va qitʼa miqyosida peshqadam ekanini yana bir bor namoyon etdi.
Mazkur musobaqada muvaffaqiyatli ishtirok etgan Andijon viloyati, Baliqchi tumanida yashovchi sportchi Qudratjon Roʻziqulov C1 klassi boʻyicha Osiyo chempioni degan sharafli nomga sazovor boʻldi.
— Bu musobaqa men uchun katta sinov va tajriba maktabi boʻldi. Raqobat juda kuchli kechdi, har bir chiqishga jiddiy tayyorgarlik koʻrdik. Osiyo chempioni boʻlganimdan beqiyos xursandman, bu natija ortida murabbiyim va menga ishongan barchaning mehnati mujassam, — deydi sportchi.
Ayni kunlarda gʻolib sportchilarimiz joylarda munosib kutib olinmoqda. Ularning ishtiroki bilan oʻtkazilayotgan uchrashuv va tadbirlarda musobaqa taassurotlari, erishilgan yutuqlar haqidagi samimiy mulohazalar sport ishqibozlariga alohida ruh bagʻishlab, yoshlar orasida sogʻlom turmush tarzi va sportga boʻlgan qiziqishni yanada oshirmoqda.
Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring